Rossiya FK rahbari O‘zbekistonning ODKBga qaytish imkoniyatini baholadi

Rossiya Federatsiyasi Federatsiya kengashi raisi Valentina Matviyenko uch kunlik rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga kelgan.
Sputnik

TOShKENT, 2 okt — Sputnik. Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya kengashi raisi Valentina Matviyenko O‘zbekistonning Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (ODKB)ga qaytish imkoniyatini baholadi, deb xabar bermoqda Sputnik O‘zbekiston muxbiri.

Ekspert: O‘zbekistonning "Markaz-2019"dagi ishtiroki - ODKB sari qadamdir

"Bunday imkoniyat, shak-shubhasiz, mavjud, ODKB O‘zbekiston uchun hamisha ochiq, — dedi Matviyenko jurnalistlarga. — Lekin bu masala kun tartibida turgani yo‘q. Qolaversa, hozircha O‘zbekiston qonunchiligida ham bu turdagi ittifoqlarga qo‘shilishga yo‘l qo‘ymaydigan normalar mavjud".

Shu bilan birga, Federatsiya kengashi spikeri O‘zbekistonning ODKBga a’zo bo‘lish imkoniyati mavjud, deya hisoblaydi.

"Qachondir bu masala kun tartibidan o‘rin olishini istisno etmayman", - deb qayd etdi siyosatchi.

RF Federatsiya kengashi raisi Valentina Matviyenko uch kunlik rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga kelgan. U shu paytga qadar, Senat va Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi hamkasblari bilan uchrashuv o‘tkazishga ulgurdi hamda ayrim ijtimoiy obyektlarda bo‘ldi.

Bundan tashqari, Matviyenkoni o‘zining Ko‘ksaroydagi qarorgohida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev qabul qildi. Uchrashuvda ikki tomonlama munosabatlar, shuningdek, oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishda hamda savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, innovatsion, transport-logistika, agrosanoat, ilmiy-texnik sohalarda istiqbolli loyihalarni ilgari surishda, ta’lim va madaniy-gumanitar almashinuvlarni kengaytirishda ikki mamlakat parlamentlarining faol ishtirokiga oid dolzarb masalalar ko‘rib chiqildi.

Xalqaro parlamentlararo tashkilotlar doirasida hamkorlikni mustahkamlash muhimligi alohida qayd etildi.