"O‘zbekkino" Rossiya kinokompaniyalari bilan kelishuvlar imzolaydi

Moskvada 1-5 oktabr kunlari "O‘zbek kinosi haftaligi" bo‘lib o‘tadi. Tadbir doirasida o‘zbek kinolari namoyishi qatorida ikki mamlakat kinosanoati vakillarining uchrashuvlari ham rejalashtirilgan.
Sputnik

TOShKENT, 30 sen - Sputnik. "O‘zbekkino" milliy agentligi Rossiyada bo‘lib o‘tadigan o‘zbek kinosi namoyishi kunlari davomida Rossiya kinokompaniyalari bilan qator shartnomalar imzolaydi. Bu haqda idora matbuot xizmati agentlik rahbari Firdavs Abduhalikovga tayangan holda xabar bermoqda.

Rashid Malikov "Oskar"ga da’vogar o‘zbek "Issiq non"ning imkoniyatlari bilan o‘rtoqlashdi

"1-5 oktabr sanalarida o‘tkaziladigan kino kunlari davomida "O‘zbekkino" va Rossiyaning yirik kinokompaniyalari o‘rtasida hamkorlikdagi qo‘shma loyihalar borasida qator memorandumlarni imzolaymiz", - deyilgan matbuot xizmati xabarida.

Shu bilan birga, tomonlar RFning "Gosfilmfond"ida saqlanuvchi bir qator filmlarni O‘zbekistonga taqdim etish borasida kelishishlari ko‘zda tutilgan.

O‘zbek kinosi haftaligi doirasida Toshkentdan tashrif buyurgan mehmonlar VGIK (Butunrossiya davlat kinematografiya instituti) hamda "Mosfilm" kinostudiyalarida bo‘lib, Rossiya kinosanoatining eng mashhur ustalari tomonidan o‘tkaziladigan master-klasslarda ishtirok etadilar.

Festival dasturidan o‘zbek rejissorlarining 14 ta kinolentalari o‘rin olgan. O‘zbekistonni "Oskar" mukofotida taqdim etuvchi, yosh o‘zbek kinorejissori Umid Hamdamovning "Issiq non" filmi - festivalning asosiy premyerasiga aylanishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, sal oldin ushbu film XXVIII "Kinoshok" festivalining bosh sovrinini qo‘lga kiritgani haqida xabar bergan edik.