O‘zbekistonlik ishbilarmonlar delegatsiyasi Rossiyaga tashrif buyuradi

Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni yanada mustahkamlash yo‘lida O‘zbekistonning yirik kompaniyalari vakillaridan iborat delegatsiya yaqin kunlarda Rossiyaning Novgorod viloyatiga tashrif uyushtirishi kutilmoqda.
Sputnik

TOShKENT, 30 sen — Sputnik. Novgorodlik bir guruh ishbilarmonlarning kuni kecha O‘zbekistonga tashrifi yakunidagi kelishuvlarga ko‘ra, joriy yil oktabr oyida o‘zbekistonlik biznesmenlarning Novgorod viloyatiga safari kutilmoqda. Bu haqda ushbu viloyat hukumati rahbari o‘rinbosari Yevgeniy Bogdanov xabar qildi, deyiladi RIA Novosti xabarida.

“O‘zbekistonlik tadbirkorlar ishtirokidagi missiyaning Novgorod viloyatiga tashrifini oktabr oyiga rejalashtirdik. Biz muayan tarmoqlarda, jumladan, mineral o‘g‘itlar, qurilish materiallari, oziq-ovqat mahsulotlari, yog‘ochni qayta ishlash, qishloq xo‘jaligi kabilarda hamkorlik qilishdan manfaatdormiz”, - dedi rossiyalik ishbilarmonlar delegatsiyasi rahbari E.Bogdanov safar yakunidagi mulohazalarida.  

Ushbu Rossiya biznes-missiyaning O‘zbekistonga safari RF Investitsiyalar siyosati vazirligining hududiy bo‘linmasi va Eksportni qo‘llab-quvvatlash Novgorod markazi tomonidan tashkillashtirildi.

Oktabr oyida ikkinchi Rossiya-O‘zbekiston forumi o‘tkaziladi

Novgoroddan O‘zbekistonga asosan qog‘oz, karton va undan tayyorlanadigan buyumlar, yog‘och-taxta va yog‘och buyumlari, kulolchilik buyumlari, tosh, gips va sementdan bo‘lgan buyumlar hamda elektrik mashinalardan tarkib topgan mahsulotlar eksporti yo‘lga qo‘yilgan.

O‘zbekiston va Rossiya qishloq xo‘jaligi sohasida hamkorlikni kengaytirish rejasini tasdiqladi

O‘zbekistondan Novgorod viloyatiga eskport qilinadigan mahsulotlar qatorida esa kauchuk, rezina va rezina buyumlari, plastmassa va undan tayyorlanadigan mahsulotlar, boshqa qimmatbaho bo‘lmagan metallar, elektrik mashinalar va ularning ehtiyot qismlari kabilar o‘rin topgan.

Novgorod viloyati hududida hozirda o‘zbek kapitali ishtirokidagi sakkizta korxona o‘z faoliyatini yuritmoqda. Mashinalar va oziq-ovqat mahsulotlarining ulgurji savdosi; turar joy va jamoat binolarining qurilishi; meditsina sohasidagi mahsulotlar va yog‘och qurilish konstruksiyalarini ishlab chiqish; oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berish kabilar ushbu korxonalarning asosiy faoliyat turlari jumlasidandir.