TOShKENT, 29 sen - Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yekaterinburgda birinchilikni qo‘lga kiritgan o‘zbekistonlik bokschilar va ularning murabbiylarini taqdirlash haqida farmon imzoladi.
Ushbu farmonga ko‘ra, “O‘zbekiston iftixori” unvoni bilan Jalolov Bahodir Isomiddin o‘g‘li, Mirzaxalilov Mirazizbek Mirzakarim o‘g‘li taqdirlangan.
Shuningdek, “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sport ustozi” unvoni bilan Boks bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Kurbanov Marat Galiyevich hamda Respublika ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internatining boks bo‘yicha murabbiyi Qilichev To‘lkin Maxmurovich va Farg‘ona viloyati ixtisoslashtirilgan bolalar va o‘smirlar sport maktabining boks bo‘yicha murabbiyi Erkayev Baxodir Turgunovichlar taqdirlandi.
“O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sportchi” unvoni bilan Zoirov Shaxobidin Shokirovich, “Kelajak bunyodkori” medali bilan - Baturov Bobo-Usmon Shamsutdin o‘g‘li va Ro‘zmetov Dilshodbek Yusupbay o‘g‘li taqdirlandi.
“Shuhrat” medali bilan Axmedov Burxon Baxramovich va Qilichev Farruh Komilovichlar taqdirlandi.
Undan tashqari Milliy gvardiya qo‘mondonligi ham, o‘z navbatida, Yekaterinburgdan ulkan yutuqlar bilan qaytib kelgan O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi harbiy xizmatchilari Bahodir Jalolov va Bobo-Usmon Baturovlarni hamda xalqaro musobaqalar g‘olibi Murodjon Axmadaliyev va yunon-rum kurashi Tokio Olimpiadasiga yo‘llanmani qo‘lga kiritgan Elmurat Tasmuradovlarga navbatdagi harbiy unvon hamda esdalik sovg‘alari topshirishdi.
Shuningdek, bokschilarni tayyorlashda jonbozlik ko‘rsatib kelayotgan murabbiy Milliy gvardiya Ixtisoslashtirilgan o‘quv markazi katta o‘qituvchisi Elshod Rasulov ham Milliy gvardiya qo‘mondonining esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi, deyilgan xabarda.