Paxta terishga majburlagan Bog‘ot tumani hokimiga jazo tayinlandi

Mehnat vazirligi ayrim nashrlarda Bog‘ot tumani hokimining fuqarolarni paxta terimiga majburiy tarzda jalb etgani to‘g‘risidagi xabarlarni o‘rganib chiqdi.
Sputnik

TOShKENT, 27 sen - Sputnik. Xorazm viloyati Bog‘ot tumani hokimi fuqarolarni paxta terimiga jalb qilgani uchun jarimaga tortildi.

Mehnat vazirligi xabariga ko‘ra, ayrim nashrlarda Bog‘ot tumani hokimining fuqarolarni paxta terimiga majburiy tarzda jalb etgani to‘g‘risida xabarlar o‘rganib chiqilgan. Xabarda aytilishicha, tumanda joriy yil 15-sentabrdan hududdagi barcha shaharcha va qishloqlar aholisi, korxonalarning barcha ishchi-xizmatchilari paxta terimiga safarbar qilingan.

Tuman moliya bo‘limi boshlig‘i J.Ro‘zmetov va tuman obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i A.Avezov qo‘l ostidagi xodimlarni paxta terimiga chiqargan.

"Paxtaga budjet tashkilotlari chiqmaydi": Mirziyoyev amaldorlarni hozirdan ogohlantirdi

Ta’kidlanishicha, mazkur holatni o‘rganish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan Davlat mehnat inspeksiyasi boshlig‘i boshchiligida yuborilgan ishchi guruh  Bog‘ot tumaniga yetib borgan.

O‘rganish natijasida Bog‘ot tumanida haqiqatan mehnat qonunchiligi meyorlari buzilganligi aniqlangan.

“Shunga muvofiq, Bog‘ot tumani hokimi O.Xolboyev, Bog‘ot tumani moliya bo‘limi boshlig‘i J.Ro‘zmetov hamda Bog‘ot tumani obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i A.Avezovga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga asosan 2 230 000 so‘mdan 6 690 000 so‘mgacha, jami 15 610 000 so‘m miqdorda jarima tayinlandi”, - deyiladi vazirlik xabarida.

Vazirlik agar fuqarolar paxta terimi yoki boshqa biror ishga majburlansalar yoki shunday holatga duch kelsalar, Davlat mehnat inspeksiyasining 1176 qisqa raqamlariga, dmi.mehnat.uz sayti yoki mehnathuquqbot telegram botiga murojaat qilish mumkinligini eslatib o‘tgan.