MO uchun yagona gaztaqsimlovchi markazni yaratish oson bo‘lmaydi — ekspert

O‘zbekiston Energetika vaziri Toshkentda yagona muvofiqlashtiruvchi gaz taqsimlovchi markazni yaratishni taklif etdi. Iqtisodiyot oliy maktabi Jahon energetika bozorlarini o‘rganish markazi direktori Vacheslav Kulaginning fikricha, bu faqatgina ayrim loyihalar uchun mos taklif
Sputnik

Toshkentda Markaziy Osiyo davlatlari energetika vazirlari forumi bo‘lib o‘tdi va tadbirda respublika energetika vazirligi rahbari Alisher Sultonov hamkasblarga O‘zbekiston poytaxtida mintaqa uchun gaz taqsimlovchi yagona markazni yaratish masalasi ustida o‘ylab ko‘rishni taklif etdi. Vazir so‘zlariga ko‘ra, tegishli muzokaralar qozog‘istonlik sheriklar bilan boshlab yuborilgan, Osiyo taraqqiyot banki esa bu loyihani amalga oshirish uchun mablag‘ ajratishga tayyorligini bildirgan.

Alisher Sultonov AESning yangi bloklari, Markaziy Osiyo birdamligi va gidroenergetika haqida

Rossiyalik ekspert fikricha, yagona muvofiqlashtiruvchi-taqsimlovchi gaz markazining yaratilishi samarali instrument bo‘lishi mumkin edi, biroq bu loyiha uchun ko‘plab masalalarni hal etish lozim.

"Umumiy foydalanish uchun qulay bo‘lgan chegaraoldi infratuzilmalari mavjud. Biroq mamlakatlar o‘rtasida mavjud qarama-qarshiliklar va murakkab masalalar hali kam emas, shu bois, bunday markazni yaratish to‘g‘risida kelishib olish oson kechmaydi. Har bir davlat ham o‘z gaz tizimi boshqaruvini boshqa davlatga topshirishga tayyor, deb bo‘lmaydi, ayniqsa, gap, yoqilg‘ini ichki bozorga yetkazib berish xususida ketayotgan bo‘lsa. Lekin alohida loyihalar, deylik gazni Markaziy Osiyodan Xitoyga tranzit qilish uchun bunday markaz ayni muddao bo‘lardi", - deb hisoblaydi Vacheslav Kulagin.

U shuningdek, xuddi shunga o‘xshash, biroq regional ko‘lamdagi xab Rossiyada ham borligini qo‘shimcha qildi. Ekspert so‘zlariga ko‘ra, bunda chegaralar va suveren mamlakatlar mavjud bo‘lib, bu tajribmani aniq takrorlashning imkoni bo‘lmasligi mumkin.

Ekspert izohini to‘liq Sputnik O‘zbekiston radiopodkastida rus tilida tinglashingiz mumkin.

MO uchun yagona gaztaqsimlovchi markazni yaratish oson bo‘lmaydi — ekspert