“Human” agentligi direktori firibgarlikda gumonlanmoqda

Toshkentda fuqarolarning 1,67 milliard so‘mdan ziyod pulini yeb ketgan agentlikning 29 yoshli direktoriga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Agentlik fuqarolarga Germaniya, Chexiya, Yaponiya, Turkiya, Bolgariya va Litvaga ishga yuborishni va’da qilib, pul olgan.
Sputnik

TOShKENT, 20 sen – Sputnik. Toshkentda “Human” bandlik agentligi” MChJ direktoriga nisbatan katta miqdordagi firibgarlik fakti bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Bu haqda Toshkent shahar IIBB xabar qilmoqda.

Jami 52 kishidan tashkil topgan va respublikaning turli hududlarida istiqomat qiluvchi arizachilar ma’lum qilishlaricha, ular “Human” bandlik agentligi” MChJ bilan 2018-yilning noyabr oyidan 2019-yilning sentabr oyigacha shartnomalar tuzishgan.

Mehnat vazirligi “Human” xususiy bandlik agentligi litsenziyasini bekor qildi

Shartnomalarga ko‘ra, MChJ ularni Yevropa davlatlarida, xususan, Germaniya, Chexiya, Yaponiya, Turkiya, Bolgariya va Litvada ishga joylashtirish majburiyatini o‘z zimmasiga olgan. Buning uchun har bir arizachi MChJning hisob raqamiga 18 dan 35 million so‘mgacha bo‘lgan miqdordagi mablag‘ni ko‘chirgan. Shu tarzda “Human” bandlik agentligi” MChJning hisob raqamiga 52 nafar arizachilardan umumiy miqdorda 1,67 mlrd so‘m kelib tushgan.

Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 168-moddasi, 4-qismi “a” bandi (“Firibgarlik, juda ko‘p miqdorda”) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Hozirgi vaqtda ayblanuvchi sifatida ushbu MChJ direktori 29 yoshli Sh.F. jalb qilindi.

Xabarda ushbu agentlik harakatlaridan jabr ko‘rganlar  yoki ushbu ish bo‘yicha ma’lumotga ega bo‘lganlar 71-230-98-40 raqami orqali murojaat qilishlari mumkinligi qo‘shimcha qilingan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mehnat vazirligi “Human” xususiy bandlik agentligi litsenziyasini bekor qilgani xabar qilingan edi.