Eski namunadagi tanga va banknotlar muomaladan chiqariladi

Markaziy bank tomonidan muomalaga chiqarilgan eski namunadagi tanga va banknotlar2020 yil 1-martdan boshlab qonuniy to‘lov vositasi sifatida o‘z kuchini yo‘qotadi.
Sputnik

TOShKENT, 18 sen - Sputnik. O‘zbekistonda eski namunadagi tanga va banknotlar muomaladan chiqariladi.

25 so‘mlik va undan kichik nominal qiymatdagi tangalari va banknotlarini muomaladan qaytarib olish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqidagi qaror Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi (ro‘yxat raqami 3183, 18.09.2019 y.).

Mazkur nizomga ko‘ra, Markaziy bank tomonidan muomalaga chiqarilgan 1, 3, 5, 10, 20, 50 tiyinlik, 1, 5, 10, 25 so‘mlik qiymatidagi tangalar, shuningdek 1, 3, 5, 10, 25 so‘mlik eski namunadagi banknotlar (qog‘oz pullar) 2020-yil 1-martdan boshlab qonuniy to‘lov vositasi sifatida o‘z kuchini yo‘qotadi.

Markaziy bank eski namunadagi banknot va tangalarni muomaladan qaytarib oladi

Ushbu tanga va banknotlar hech qanday monelik, cheklovlarsiz, to‘lov yoki vositachilik haqi undirilmagan holda:

- 2020-yil 1-martga qadar Hisob-kitob kassa markazlari, tijorat banklari va ularning filiallari tomonidan;

- 2020-yil 1-martdan 2021-yil 1-yanvarga qadar esa faqat Hisob-kitob kassa markazlari tomonidan almashtirib beriladi.

Muomaladan qaytarib olinadigan eski namunadagi tanga va banknotlarning ayirboshlash muddati 2021-yil 1-yanvargacha etib belgilandi.

Bunda hisob-kitoblar mijozlar va aholining talabiga asosan:

- bank plastik kartasi hisobvaraqlariga kirim qilinish orqali (to‘liq qiymatda);

- muomaladagi tanga va banknotlarga ayirboshlab berish orqali;

- mijozlarning tegishli hisobvaraqlariga, fuqarolarning arizasiga asosan omonatga kirim qilish orqali;

- kommunal va boshqa bir martalik to‘lovlar uchun qabul qilish orqali amalga oshiriladi.

O‘zbekistonda so‘m denominatsiya qilinadimi? – Markaziy bank raisi javobi

Avvalroq Sputnik Markaziy bank eski namunadagi banknot va tangalarni muomaladan qaytarib olishi haqida xabar qilgan edi.