Qirg‘iz-tojik chegarasida yana otishma: Jeenbekov yig‘ilish o‘tkazdi

Ikki davlat harbiylari o‘rtasidagi otishma bir necha soat davom etgan. Oqibatda qirg‘izistonlik chegarachi halok bo‘lgan va bir necha mahalliy fuqaro yaralangan.
Sputnik

TOShKENT, 17 sen — Sputnik. Qirg‘iziston va Tojikiston davlat chegarasida otishma ro‘y berdi. Qirg‘iziston prezidenti Sooronbay Jeenbekov Tojikiston bilan bo‘lgan chegaradagi vaziyat yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.

"Qirg‘iziston prezidenti Sooronbay Jeenbekov 17-sentabr kuni prezident apparati rahbari Dosali Esenaliyev, xavfsizlik kengashi kotibi Damir Saginbayev, tashqi ishlar vaziri Chingiz Aydarbekov va prezident apparatining tashqi siyosat bo‘limi mudiri Daniyar Sidiqov ishtirokida Qirg‘iziston va Tojikiston davlat chegarasida yuzaga kelgan vaziyat bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi”, - deyiladi davlat rahbari matbuot xizmati xabarida.

Emomali Rahmon va Sooronbay Jeenbekov ikki davlat chegarasida uchrashdi

Yig‘ilishda Sooronbay Jeenbekov Batkent viloyatidagi davlat chegarasida mojara yuzaga kelgandan boshlab to‘liq tezkor axborotni olib turganini ma’lum qilgan.

Shuningdek, u mojaroning yanada kuchayishiga yo‘l qo‘ymaslik, mahalliy aholi o‘rtasida tushuntirish ishlarini olib borish zarurligini ta’kidlagan.

Jeenbekov chegaradagi vaziyatni tartibga solish xalqaro huquq va ilgari erishilgan kelishuvlar doirasida qat’iy ravishda amalga oshirilishi kerakligini qayd etgan.

Prezident halok bo‘lgan chegarachining oila a’zolariga hamdardlik bildirgan.

Tojik-qirg‘iz chegarasidagi mojaroni hal etishda O‘zbekiston tajribasi yordam beradi

16 sentabr kuni Qirg‘iziston va Tojikiston davlat chegarasida belgilanmagan uchastkadagi qurilish sabab otishma ro‘y berdi. Ma’lum qilinishicha, qirg‘izistonlik chegarachi halok bo‘lgan, ikki tarafdan bir necha fuqarosi yarador bo‘lgan. Ikki davlat harbiylari o‘rtasidagi otishma bir necha soat davom etgan.

Qirg‘iziston davlat chegara xizmati ta’kidiga ko‘ra, birinchi bo‘lib tojik tomoni Qirg‘izistonning “Maksat” chegara posti, so‘ngra Batkent viloyati Laylak tumanidagi vaqtinchalik “Say” chegara posti tomon o‘q uzgan.

Qirg‘iziston va Tojikiston chegarasida yana olomon to‘planmoqda. Mojaro sababi nimada?

Tojikistonda qirg‘iz tomoni provakatsion harakatlarni boshlab, “Bahor qishlog‘idagi qurollanmagan fuqarolarga qarata o‘t ochgani, oqibatda Tojikistonning bir necha fuqarosi yarador bo‘lgani” ma’lum qilingan.