Afg‘onistonga uzatilayotgan elektr ta’minoti to‘xtatilgani haqidagi xabarga izoh berildi

Ommaviy axborot vositalarida chop etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Afg‘onistonda elektr tarmoqlari portlashlari oqibatida O‘zbekistondan uzatilayotgan elektr ta’minoti to‘xtatilgan.
Sputnik

TOShKENT, 16 sen — Sputnik. Afg‘onistonda elektr tarmoqlari portlashlari oqibatida O‘zbekistondan uzatilayotgan elektr ta’minoti to‘xtatilgani haqidagi xabarlarga Energetika vazirligi munosabat bildirdi.

Ma’lum qilinishicha, Energetika vazirligi huzuridagi O‘zbekiston Milliy elektr tarmoqlariga Afg‘onistonda elektr uzatish tarmoqlari (tarmoq ustunlari) portlatilgani haqida Afg‘onistondagi xaridorlardan hech qanday ma’lumot yoki xabar kelib tushmagan.  Mavjud shartnoma asosida Afg‘onistonga uzilishlarsiz elektr energiyasi yetkazilib bermoqda (1 sutkada taxminan 1,5 mln. KVt/soat).

Ta’kidlanishicha, 2019-yil 14-sentabr soat 14:00dan keyin O‘zbekistondan Afg‘onistonga uzatilayotgan energiya miqdorini qabul qilish darajasida keskin tushish holati ro‘y bergan. Bu odatdagida qariyb 3-marta kam ekanligi qayd etilgan.

Irgashev: O‘zbekistonning barcha sayi-harakatlari Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatishga qaratilgan

“Taxminimizcha, ayrim sabablarga ko‘ra ta’minoti uzilgan elektr tarmog‘i Afg‘oniston iste’molchilari Tojikiston Respublikasidan xarid qiladigan havo liniyalarida sodir bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Agar ushbu taxmin to‘g‘ri bo‘lsa, tojikistonlik va afg‘onistonlik mutaxassislar ta’mirlash ishlarini qachon va qay tartibda amalga oshirishidan bexabarmiz”, - deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston va Afg‘oniston “Surxon – Puli-Xumri” LEP-500 -  elektr uzatish liniyasi loyihasini imzolagan. Ushbu elektr uzatish liniyasining dastlabki qiymati 150 million dollar bo‘ladi va undan 32 millioni O‘zbekiston ichida amalga oshiriladigan ishlar uchun qolgan 118 millioni Afg‘onistonda bajariladigan ishlarga sarflanadi. Elektr uzatish liniyasi uzunligi 260 kilometrni tashkil qiladi, undan 45 kilometri O‘zbekiston hududi bo‘ylab, 215  kilometri – Afg‘oniston hududi bo‘ylab o‘tadi. Loyiha o‘zini qoplash muddati – 12-yil, o‘tkazish quvvati – 1000 MVt. Ya’ni undan qo‘shni mamlakatga kuniga 24 mln Vt/soat, yiliga esa 6 mlrd kVt/soat energiya yetkazib berish mumkin.

O‘zbekiston Afg‘onistonga 2002-yildan buyon elektr energiyasi yetkazib beradi. 2002-yilda 62 mln kVt/soat bo‘lsa 2018-yilda yetkazib berilgan energiya hajmi – 2 mlrd. kVt/soatga yetdi.