Fransiya kompaniyasi O‘zbekistonda quyosh elektr stansiyasi quradi

Fransiyaning Total Eren kompaniyasi Samarqandda 100 MVtli quyosh elektr stansiyasi quradi. Xorijiy sarmoyador stansiyani bir yil ichida qurib, foydalanishga topshirishni va’da bermoqda.
Sputnik

TOShKENT, 14 sen – Sputnik. Fransiyaning Total Eren kompaniyasi O‘zbekistonda umumiy quvvati 100 Mvt bo‘lgan fotoelektr stansiyasini qurilishiga 150 million yevrogacha investitsiya kiritmoqda, deb xabar qildi Investitsiyalar vazirligi matbuot xizmati.

“13 sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi nomidan vazir Sardor Umurzakov va fransuz kompaniyasi Total Eren tomonidan ijrochi vitse-prezidenti Fabyen Demol o‘rtasida Samarqand viloyatida 100 MVtli fotoelektr stansiyasini qurish bo‘yicha investitsiya kelishuvi imzolandi”, - deyilgan xabarda.   

Xabarda aytilishiga ko‘ra, bu alternativ energetika sohasida O‘zbekiston uchun birinchi yirik loyihadir. Loyiha qurilishi 2020-yil boshida boshlanib 2021-yil 1 choragida yakunlanadi.

O‘zbekistonlik fermerlar quyosh stansiyalari o‘rnatishni boshladi

Fotoelektr stansiyani loyihalashtirish, qurilishi va ekspluatatsiya qilish hamda ushbu jarayonlarni moliyalashtirish - Total Eren tomonidan amalga oshiriladi.

Eslatib o‘tamiz, ushbu bitim uchun dastlabki qadam 2018-yilning oktabrida, Shavkat Mirziyoyevning Fransiyagga bo‘lgan tashrifi chog‘ida amalga oshirilgan edi.

Total Eren - qayta tiklanadigan energiya sohasida dunyodagi yetakchi kompaniyalardan biridir. Bugungi kunda kompaniya 2400 MVt quvvatli qayta tiklanadigan energiya manbalari qurilishi uchun sarmoyalar kiritgan.