TOShKENT, 10 sen – Sputnik. O‘zbekiston bokschilari jahon chempionatida ilk g‘alabalarni qo‘lga kiritmoqda, deb xabar qilmoqda O‘zbekiston Boks Federatsiyasi matbuot xizmati.
Bugun bo‘lib o‘tgan jangda, Dilshodbek Ro‘zmetov mongoliyalik raqibi ustidan g‘alaba qozonib keyingi bosqichga o‘tdi.
“81 kg vaznli bokschimiz Dilshodbek Ro‘zmetov mo‘g‘ulistonlik Shinebayar Narmandaxga qarshi jang qildi va raqibini 5:0 hisobida mag‘lub etib, ikkinchi bosqichga yo‘l oldi”, - deyilgan xabarda.
Eslatib o‘tamiz shu kunlarda Rossiyaning Yekaterinburg shahrida boks bo‘yicha Jahon chempionati bo‘lib o‘tmoqda. Unda 79 mamlakatdan 340 dan ortiq sportchilar ishtirok etmoqda. Sportchilar 8ta vazn toifasida bellashadi. O‘zbekiston ushbu musobaqada sovrinli o‘rinlar olishga umid qilmoqda.