“Nukus” erkin iqtisodiy zonasi tashkil etildi

“Nukus” EIZning faoliyat yuritish muddati 30-yil bo‘lib, uning hududida alohida soliq va bojxona tartiblari amal qiladi.
Sputnik

TOShKENT, 5 sen - Sputnik.  “Nukus” erkin iqtisodiy zonasini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida O‘zbekiston prezidenti farmoni qabul qilindi.

Farmonga ko‘ra “Nukus-farm” erkin iqtisodiy zonasi “Nukus” erkin iqtisodiy zonasiga aylantirildi.

Tashqi bozorlarda talab kuchli bo‘lgan va import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish maqsadida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy va mahalliy investitsiyalarni jalb etish “Nukus” EIZning asosiy vazifalaridan biri etib belgilandi.

Mirziyoyev dunyoqarashini o‘zgartirmagan sektor rahbarlarini tanqid qildi

“Nukus” EIZning faoliyat yuritish muddati 30-yil bo‘lib, uning hududida alohida soliq va bojxona tartiblari amal qiladi.

Shuningdek, farmonga ko‘ra “Nukus-farm” EIZ ishtirokchilari qo‘shimcha tartib-taomillardan o‘tmagan holda “Nukus” EIZ ishtirokchisi maqomiga ega bo‘ladi va ular uchun qonunchilikda avval nazarda tutilgan imtiyozlar va preferensiyalar saqlab qolinadi.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev Nukusdagi yig‘ilishda Qoraqalpog‘istonni yanada taraqqiy ettirish bo‘yicha beshta ustuvor yo‘nalishni belgilab bergan edi. Sanoatni rivojlantirish, barcha tarmoqlarda yirik va kichik ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etish, tadbirkorlik gullab yashnashi uchun keng yo‘l ochib berish va uni har taraflama qo‘llab-quvvatlash shular jumlasidandir.