TOShKENT, 4 sen – Sputnik. Mustaqillik kunidan so‘ng Toshkent ko‘chalarida o‘rnatilgan ikki mingdan ortiq bayroq yo‘qoldi. Bu haqda RIA Novosti poytaxt hokimligi vakili ma’lumotiga asosan xabar qildi.
1 sentabr kuni O‘zbekistonda Mustaqillikning 28-yilligi keng nishonlandi. Bu yil bayrami munosabati bilan o‘zbekistonliklar ketma-ket to‘rt kun dam oldi.
Bayram kunlari ayrim shaxslar poytaxt yo‘llaridagi simog‘ochlarga o‘rnatilgan bayroqlarni yechib olayotgani tasvirga olingan video ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqaldi.
Ko‘pchilik foydalanuvchilar bunday “vatanparvarlik” haqida salbiy fikrlarni bildirishdi.
“Haqiqatda, 1-sentabrdan 2-sentabrga o‘tar kechasi xizmatlarimiz ikki mingdan ortiq O‘zbekiston bayroqlarining hisobiga yetmadi”, - dedi hokimlik vakili.
Hokimiyat ma’lumotiga ko‘ra, bayram oldidan Toshkent ko‘chalarida jami 6852 dona davlat bayroqlari o‘rnatilgan bo‘lib, ulardan 2037 donasi yo‘qoldi. Har bir bayroqning narxi 70 ming so‘mni tashkil qiladi.
“Fuqarolarni poytaxtni bezatadigan davlat mulkiga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lishga chaqiramiz”, - deb qo‘shimcha qilindi hokimlikda.