Olimpiya o‘yinlari, doping: Mirziyoyev sport mutasaddilarini tanqid qildi

Yig‘ilishda prezident 2020-yilda Tokioda bo‘lib o‘tadigan XXXII yozgi Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik ahvoli qoniqarli emasligini qayd etdi.
Sputnik

TOShKENT, 4 sen - Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 4-sentabr kuni jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, xalqaro musobaqalarga tayyorgarlikni kuchaytirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. 

Davlat rahbari matbuot xizmati xabariga ko‘ra, yig‘ilishda bundan keyingi musobaqalarga puxta tayyorgarlik ko‘rish, buning uchun joylarda zarur sharoit yaratish masalalari muhokama etildi.

Milliy terma jamoalar uchun yangi baza barpo etiladi

2020 yilda Tokioda bo‘lib o‘tadigan XXXII yozgi Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik ahvoli qoniqarli emasligi, qator sport federatsiyalari va hokimliklar yuqori natijalarni ta’minlaydigan sportchilarga sharoit yaratishga yetarlicha e’tibor bermayotgani tanqid qilindi.  

Milliy Olimpiya qo‘mitasi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligiga saralab olingan sportchilarning yaqin oylarda o‘tkaziladigan xalqaro musobaqalarda yuqori o‘rin egallab, Olimpiadaga litsenziyani qo‘lga kiritishlari uchun yanada keng shart-sharoit yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. 

Qayd etilishicha, joylarda tashkil etilayotgan musobaqalar soni va saviyasi hozircha talabga javob bermaydi. Misol uchun, Andijon, Buxoro, Navoiy, Namangan, Toshkent, Xorazm, Farg‘ona hamda Qashqadaryo viloyatlaridagi 131 ta shahar va tumanda joriy yilgi musobaqalarni moliyalashtirishga mahalliy budjetdan mablag‘ ajratilmagan. Yoki respublika miqyosida o‘tkazilgan 230 ta musobaqada ayrim shahar va viloyat jamoalari umuman ishtirok etmagan. Bu milliy terma jamoalar tarkibiga mahoratli sportchilarni saralab olishga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Shu bois yig‘ilishda har bir hududdagi sport muassasalarini xatlovdan o‘tkazib, sport zaxirasini shakllantirish, seleksiya va iqtidorli sportchilarni tanlab olish tizimini yo‘lga qo‘yish kerakligi ta’kidlandi. 

Nuriddinov London Olimpiadasida antidoping qoidalarini buzganlikda aybdor deb topildi

Mamlakatda sport farmakologiyasi bo‘yicha rivojlangan davlatlar tajribasini o‘rganish, yangi dori vositalarini yaratish yuzasidan ilmiy izlanishlar olib borilmagani ko‘rsatib o‘tildi. Bu sohada malakali mutaxassislar ham yo‘q. Ko‘pchilik atletlar doping bo‘lmagan qanday moddalardan foydalanish mumkinligini bilmaydi.

Sport federatsiyalarining birortasida ham terma jamoa a’zolarining musobaqaga tayyorgarligi va tiklanish jarayonini monitoring qilish bo‘yicha kompleks laboratoriya mavjud emas. Shulardan kelib chiqib, tegishli vazirliklarga sport farmakologiyasini rivojlantirish, sport federatsiyalarida ilmiy-kompleks laboratoriyalar tashkil etish bo‘yicha qaror loyihasi ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.