Ektor Kuper saralash o‘yinlaridagi maqsadini aytdi

Falastin-O‘zbekiston uchrashuvi oldidan matbuot anjumani tashkil etildi.
Sputnik

TOShKENT, 4 sen – Sputnik. Falastin-O‘zbekiston uchrashuvi oldigagi matbuot anjumanida O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Ektor Kuper ko‘zlagan maqsadini aytdi.

Ektor Kuperning so‘zlariga ko‘ra, birinchi o‘yin hamisha juda muhim ahamiyat kasb etadi. Saralash o‘yinlarini 3 ochko bilan boshlash juda muhim. O‘tkazilgan yig‘in davomida mazkur o‘yinga jiddiy hozirlik ko‘rilgan.

“Maqsadimiz – guruhda birinchi bo‘lish. Buning uchun birinchi galda o‘z o‘yinimizni yaxshilashimiz, o‘z o‘yinimizni namoyish eta olishimiz lozim. Shunda raqib zarur bo‘lsa, bizning o‘yinimizga qarab harakat qilishga majbur bo‘ladi”, - deya iqtibos keltiradi bosh murabbiy so‘zlaridan O‘FA.

U jahon chempionatiga yo‘l olish uchun birinchi navbatda butun jamoa birlasha olishi hamda o‘z kuchiga ishona olishini talab etishini ta’kidlagan.

Falastin- O‘zbekiston uchrashuvini boshqarib boradigan hakamlar ma’lum qilindi

“To‘g‘ri, O‘zbekiston hali mundialga yo‘l ola bilmagan. Lekin imkonsiz narsaning o‘zi yo‘q. Bu gal biz maqsadga erishishimiz imkoni bor. Faqat tarkibdagi hamma o‘z kuchimizga ishona bilishi lozim.  Jahon chempionatiga chiqishning o‘ziga xos siri yoki berkitadigan jihati yo‘q. Buning uchun jamoa o‘z ustida ishlashni to‘xtatmasligi hamda bitta maqsad sari intilishi zarur”, - deya xulosa qilgan Ektor Kuper.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston ilk o‘yinini ertaga Falastinga qarshi o‘tkazadi. Mazkur uchrashuv Falastindagi “Faisal Al-Husseini” stadionida bo‘lib o‘tadi. O‘yin Toshkent vaqti bilan soat 19:00da boshlanadi.