TOShKENT, 3 sen – Sputnik. O‘zbekiston Futbol assotsiatsiyasi tomonidan terma jamoalar uchun yangi mashg‘ulotlar bazasi barpo etiladi. Bu haqida O‘FA prezidenti Abdusalom Azizov xabar qildi.
Milliy hamda olimpiya terma jamoalari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Azizov O‘zbekiston terma jamoasi musobaqalarga tayyorlanish uchun har yil mehmonxonalarda istiqomat qilib, har xil bazalardan foydalanib kelayotganini va ushbu holat bugungi kun talablariga javob bermasligini aytib o‘tdi.
Xabarda aytilishiga ko‘ra, ushbu vaziyatdan kelib chiqib, assotsiatsiya tomonidan terma jamoalar uchun yangi baza barpo etish rejasi ishlab chiqilgan va bu boradagi dastlabki qadamlar tashlangan. Shuningdek, loyiha O‘zbekiston hukumati va xalqaro futbol tashkilotlari tomonidan qo‘llab-quvvatlangan.
"Bu baza asosiy jamoalarimizning yig‘in o‘tkazishi, mashg‘ulotlar, tiklanish, hordiq chiqarish va jismoniy holatni yaxshilash uchun barcha sharoitlarga ega bo‘ladi. Qarorgoh bahavo hududda, suv bo‘yida joylashadi. Zamonaviy texnika bilan jihozlanadi", - dedi O‘FA prezidenti.
Azizov ushbu loyiha milliy futbolning, ayniqsa turli yoshdagi terma jamoalarimizning yangi bosqichga chiqishida va muhim musobaqalarga sifatli tayyorgarlik olib borishida katta xissa qo‘shishiga ishonch bildirdi.