Mirziyoyev: Mustaqillik yo‘lidan hech qachon qaytmaymiz

Davlat rahbari "O‘zbekiston" forumlar saroyida xalqni eng ulug‘ va aziz ayyom bilan muborakbod etdi
Sputnik

TOShKENT, 31 avg - Sputnik, Dilshoda Rahmatova. Bugun, 31-avgust O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev "O‘zbekiston" anjumanlar saroyida xalqni Mustaqillik kuni bilan tantanali muborakbod etdi. Prezident bir nechta muhim jihatlarga e’tibor qaratdi.

Moskvadagi O‘zbekiston elchixonasida Mustaqillik bayrami tantanali nishonlandi

Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida bundan yigirma sakkiz yil muqaddam, 1991-yil ayni shu kunda birinchi prezident Islom Karimov O‘zbekistonni mustaqil davlat deb e’lon qilganini, shundan bu sana erkin va farovon hayot qurish yo‘lidagi intilish va muvaffaqiyatlarga asos bo‘lganini, eng aziz ayyomga aylanganini ta’kidladi.

"Bugun bir haqiqatni katta g‘urur va iftixor bilan aytishga to‘la asosimiz bor: mard va matonatli xalqimiz qanchalik qiyin va og‘ir sinovlarga duch kelmasin, o‘zining mustahkam irodasini namoyon etib, o‘zi tanlab olgan mustaqillik yo‘liga doimo sodiq bo‘lib kelmoqda. Bugun O‘zbekiston o‘z taraqqiyotining yangi bosqichiga dadil qadam qo‘ymoqda", - dedi prezident.

Prezident Suriyadan qaytarilgan ayollar va bolalar mavzusini esga olib, O‘zbekiston xalqi mana shunday onlarda o‘zining nimalarga qodirligini - olijanobligini namoyon etganini alohida qayd etdi hamda "ayollarimiz shu ko‘yga tushmasligi uchun belni mahkam bog‘lab qattiq mehnat qilish" kerakligini qo‘shimcha qildi.

Rossiya, AQSh va Xitoy yetakchilari Mirziyoyevni Mustaqillik kuni bilan qutlashdi

Mirziyoyev shuningdek, xalq bilan muloqot davlat siyosati darajasiga ko‘tarilga "birovga maqtanish uchun" emas, balki rahbarlar ongini o‘zgartirish uchun amalga oshirilgan siyosatligini, shu tufayli odamlarda adolat baribir g‘alaba qozonishiga ishonch paydo bo‘layotganini ta’kidladi.

"Xalqimiz "imkoniyat bor ekan-ku", "svetlar yonar ekan-ku", "ish o‘rinlari topilar ekan-ku", deb aytapti. Shunday davom etaversak, bizning yurtimizdan poyezdga minib boshqa yurtga boradiganlar kamayadi. Bunday ishlarimizni hech qachon kamaytirmaymiz. O‘z maqsadlarimizga albatta yetamiz – kelajagi buyuk O‘zbekistonni barchamiz birgalikda barpo etamiz! Mustaqillik va istiqlol yo‘lidan hech qachon qaytmaymiz! ", - dedi Mirziyoyev.

Prezidentning ushbu so‘zlarini tadbir ishtirokchilari davomli qarsaklar bilan qarshi oldilar.