TOShKENT, 30 avg – Sputnik. AQSh va “Tolibon” harakati yaqin kunlarda tinchlik shartnomasini imzolaydi. Bu haqda RIA Novosti xabar qildi.
Tolibon sobiq qo‘mondoni Akbar Aganing so‘zlariga ko‘ra, shartnoma tayyor.
“Ikki tomon barcha holat bo‘yicha kelishdi, shartnoma tayyor..., shanba yoki yakshanba kuni “Tolibon” va AQSh o‘rtasida imzolanadi”, - dedi u.
O‘z navbatida, Dohadagi toliblarning vakili Suxeyl Shaxin tomonlar o‘rtasida muzokaralar hanuz davom etayotganini aytdi. Ta’kidlanishicha, AQShning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Zalmay Xalilzod Qobulga borishi mumkin, uning jamoasi esa Qatarda qoladi.
Bundan tashqari, Shaxinning so‘zlariga ko‘ra, kelishuv imzolanmasidan oldin tomonlar ba’zi munozarali masalalar bo‘yicha kelishuvga erishishi lozim.
Shu bilan birga, Tolibonga yaqin manbaning so‘zlariga ko‘ra, AQSh harbiylari 15 oy ichida Afg‘onistondan olib chiqilishini muhokama qilgan muzokarachilar o‘rtasida muloqot texnik darajada olib borilgan.