Xorazmda xalqaro fizika va matematika maktabi ochiladi

Keyingi o‘quv yilidan xalqaro maktabning 7-sinfiga 60 nafar o‘quvchi qabul qilinadi.
Sputnik

TOShKENT, 29 avg – Sputnik. “Xorazm viloyati Shovot tumanida Al-Xorazmiy nomidagi “Xalqaro  fizika va matematika maktabi”ni tashkil etish to‘g‘risida hukumat qarori tayyorlandi.

“Xorazm viloyati, Shovot tumani, Komiljon Otaniyozov ko‘chasi, 65-uy manzilda joylashgan ayrim fanlar chuqur o‘rganiladigan 1-sonli ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktab-internatiga Al-Xorazmiy nomidagi “Xalqaro fizika va matematika maktabi” maqomini berish;

budjetdan tashqari Adliya organlari va muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasi va Xorazm viloyati mahalliy budjeti mablag‘lari hisobidan xalqaro maktabni rekonstruksiya qilish, kapital ta’mirlash va qayta jihozlash, shuningdek maktab uchun 20 o‘rinli mehmonxona binosini qurish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin”, - deyilgan hujjatda.

Samarqandda yana bir oliygohning filiali ochiladi

Loyihada aytilishicha, 2020-2021 o‘quv yilidan boshlab xalqaro maktabning 7-sinfiga 60 nafar o‘quvchi qabul qilinadi.

Xalq ta’limi vazirligiga xalqaro maktabning moddiy-texnika bazasidan, pedagog kadrlarning salohiyati hamda ehtiyojidan kelib chiqqan holda keyingi yillarda o‘quvchilarni qabul qilish kvotalariga o‘zgartirish kiritish huquqi beriladi.

Xalqaro maktabda xorijiy mamlakatlar fuqarolari hisoblangan tegishli fanlarni o‘zlashtirishga ishtiyoqli va iqtidorli o‘quvchilarni shartnoma asosida ta’lim olishiga imkoniyat yaratiladi.

Xalqaro maktabda o‘quvchilarga yanada chuqurroq bilim berish, xorijiy mamlakatlarning ilg‘or tajribasi va o‘qitish metodikasini tatbiq etish uchun xorijiy mamlakatlardan o‘qituvchilarni ishga qabul qilishga hamda aniq va tabiiy fanlar, shuningdek, chet tillarining chuqur o‘qitilishini ta’minlash maqsadida ilg‘or xorijiy mamlakatlarning o‘quv dasturlarini tatbiq etishga rusxat beriladi.