Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish jamg‘armasi tugatildi

Sportni rivojlantirish jamg‘armasi o‘rnida budjetdan tashqari “Sport” maxsus hisob raqami ochiladi - prezident farmoni.
Sputnik

TOShKENT, 27 avg – Sputnik. Prezident farmoni bilan Jismoniy tarbiya va sport vazirligi huzuridagi “Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish jamg‘armasi tugatildi”. Bu haqida “Huquqiy axborot” kanali xabar qilmoqda.

"Jamg‘armaning jismoniy tarbiya va sport obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish, kapital ta’mirlash va jihozlash bo‘yicha moliyalashtirish funksiyasi Moliya vazirligiga yuklatildi", - deyilgan xabarda.

Sohani rivojlantirish, xodimlarni moddiy rag‘batlantirish kabi maqsadlarda Jismoniy tarbiya va sport vazirligining budjetdan tashqari “Sport” maxsus hisob raqami ochiladi.

O‘zbekistonda “Jismoniy tarbiya va sport” yagona axborot tizimi joriy etiladi

Maxsus hisob raqam mablag‘laridan vazirlik markaziy apparati xodimlariga ustamalar, mukofotlar to‘lash, yuqori malakali xorijiy ekspertlar va xorijdagi vatandoshlarni vazirlikda ishlash uchun jalb qilish, zarur anjomlar xarid qilish kabi maqsadlarda foydalaniladi.

Farmonga ko‘ra, davlat unitar korxonasi shaklidagi Sport obyektlari infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha injiniring kompaniyasi tashkil etiladi.

Injiniring kompaniyasi jismoniy tarbiya va sport obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash hamda sport inventarlari bilan jihozlash loyihalarini amalga oshirishda buyurtmachi funksiyasini bajaradi.

Hujjat haqidagi to‘liq ma’lumot bilan www.lex.uz sayti orqali tanishish mumkin.