O‘zbekiston atom sohasi uchun kadrlarni qanday tayyorlayapti

Yadroviy xavfsizlik sohasida vakolatli organlarni xodimlar bilan ta’minlash, xodimlarni o‘qitish, qayta tayyorlash, malakasini oshirish bo‘yicha alohida davlat dasturi tayyorlangan. Hujjat avgust oxirida qabul qilinadi.
Sputnik

TOShKENT, 23 avg - Sputnik, Dilshoda Rahmatova. 23-avgust kuni 21-yalpi majlis davomida O‘zbekiston Respublikasi Senati tinch atom to‘g‘risidagi qonun loyihasini ma’qulladi. Ovoz berishdan oldin bo‘lgan savol-javob va qizg‘in muzokaralarda senatorlar mutasaddilarga kadrlar masalasi, xavfsizlik va YaIF ilmiy salohiyati haqidagi savollar bilan murojaat etdilar.

O‘zbekiston MAGATE bilan hamkorlikni kengaytiradi

Xususan, sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi raisi Baxtiyor G‘ulomov O‘zbekiston AES uchun kadrlarni qay tarzda tayyorlayotgani haqida ma’lumot berib o‘tdi.

G‘ulomovning aytishicha, o‘tgan yilning o‘zida Moskva muhandislik-fizika instituti (MIFI)ga 50 nafar bakalavriat va magistrantlar o‘qishga kirgan. O‘n ikki nafar magistrant bir yildan keyin O‘zbekistonga ishlash uchun qaytib keladi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan o‘tgan yili Toshkentda MIFI filiali tashkil etilgan va joriy yil sentabrdan OTM o‘z faoliyatini boshlaydi. Yadro energetikasi, yadro fizikasi va texnologiyalar, elektr energetika va issiqlik energetikasi (atom stansiyalarda qo‘llaniladi) yo‘nalishlarining har biriga 25 nafardan jami 100 nafar talaba qabul qilinadi. Shuningdek, joriy yil Moskvaga bakalavriat yo‘nalishida tahsil olishlari uchun 3 nafar talaba yuborilmoqda.

Yadroviy xavfsizlik sohasida vakolatli organlarni xodimlar bilan ta’minlash, xodimlarni o‘qitish, qayta tayyorlash, malakasini oshirish bo‘yicha alohida davlat dasturi tayyorlangan. Hujjat avgust oxirida qabul qilinadi.

MAGATE Toshkentda AES xavfsizligi bo‘yicha seminar o‘tkazmoqda

"Bundan tashqari, bir yil oldin Rossiya Federatsiyasining xuddi bizning qo‘mitaga o‘xshash turdosh "Rostexnadzor" tashkiloti bilan o‘zaro hamkorlik anglashuv memorandumi imzolangan. Shu paytgacha to‘rt marotaba uchrashuvlar o‘tqazdik. Bu yil ikki nafar xodimimizni tajriba almashish uchun Moskvada yubordik, ular ham tajriba o‘rganib, qaytib keldi", - dedi sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi raisi.

G‘ulomovning aytishicha, qo‘mita ayni vaqtda O‘zbekistonda qurilishi mo‘ljallanayotgan AES rusumidagi atom elektrostansiyalarida bo‘layotgan ishlarni o‘rganish, loyihalashtirish, qurish, ekspluatatsiya qilish va keyinchalik ekspluatatsiyadan chiqarish tajribasini o‘rganish va tajriba almashish borasida Belarus Favqulodda vaziyatlar vazirligi qoshidagi radiatsiya va yadroviy xavfsizlik departamenti bilan bitim tuzish arafasida. Hujjat yil yakuniga qadar imzolanishi kutilmoqda.

Shuningdek, O‘zbekiston tomon xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE) bilan 2020-2021 yillarga maxsus vakolatli organlar uchun mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha alohida dastur qabul qilmoqda. Ushbu dastur asosida keyingi yildan boshlab ishlar davom ettiriladi. Joriy yilning o‘zida o‘zbekistonlik mutaxassislar MAGATEning 26ta tadbirlarida ishtirok etib, 50 nafardan ortiq mutaxassislar turli seminar va o‘quv kurslarida qatnashgan va maxsus sertifikatlarga ega bo‘lishgan.