O‘zbekiston Senati tinch atom to‘g‘risidagi qonunni ma’qulladi

"Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish to‘g‘risida"gi qonun 10ta bob, 59ta moddadan iborat
Sputnik

TOShKENT, 23 avg - Sputnik. Oliy majlis Senatining 21-yalpi majlisida senat a’zolari tinch atom to‘g‘risidagi qonun loyihasini yakdillik bilan ma’qulladilar, deb xabar qilmoqda Sputnik O‘zbekiston muxbiri.

MAGATE vakili AES qurilishiga qarshi "qo‘zg‘olon" ortida kim turganini aytdi

Senatning mudofaa va xavfsizlik masalalari bo‘yicha qo‘mita raisi Farrux Dadaxodjayev ta’kidiga ko‘ra, "ushbu hujjatning asosiy maqsadi atom energiyasidan foydalanish sohasidagi munosabatlarni tartibga solish, atom energiyasi to‘g‘risidagi normalar va qoidalarni unifikatsiyalash, atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanishda fuqarolar xavfsizligini ta’minlashning samarali mexanizmlarini milliy qonun hujjatlariga tatbiq etishdan iborat".

"Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish to‘g‘risida"gi qonun 10ta bob, 59ta moddadan iborat.

Qonun loyihasini ishlab chiqishda ilg‘or xalqaro tajriba, xususan, Avstriya, Belgiya, Vengriya, Germaniya, Hindiston, Kanada, AQSh, Rossiya va boshqa mamlakatlar tajribasi inobatga olingan.

"Qonun O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, qonunlariga va qonunchilik texnikasi qoidalariga javob beradi", - deb ta’kidladi Dadaxodjayev.

Hujjatga ko‘ra, fuqarolar sog‘lig‘i, jismoniy shaxslar mol-mulkini himoya qilish, xavfsizlikni ta’minlash, axborotning ochiqligi, yadro quroli va boshqa yadroviy portlovchi qurilmalar ishlab chiqarilishining taqiqlanishi - atom energiyasidan foydalanishning asosiy prinsipi hisoblanadi.

Qonun bilan atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish sohasidagi faoliyatni litsenziyalash, bu sohadagi ishlarni olib borish huquqi uchun ruxsatnomalar berish, davlat nazorati va tekshiruvi, yadroviy  qurilma va saqlash punktining xavfsizligini davriy baholash, uni joylashtirish hamda barpo etish tartibi joriy etilmoqda.

Atomli kelajak: O‘zbekistonda birinchi AES qanday qurilmoqda

Undan tashqari, yadroviy materiallar, radioaktiv moddalar va radioaktiv chiqindilarning davlat hisobi va nazorati, yadroviy materiallar va reaktiv moddalarni transportda tashish, yadroviy materiallar, reaktiv moddalar va chiqindilarni olib kirish hamda olib chiqish, ularni saqlash, qayta ishlash va ko‘mib tashlash, atom energiyasidan foydalanish subyektlarini jisman himoya qilish, avariyaga oid shaylik va avariya holatida harakat qilish, avariyaga oid tashqi va ichki rejani ishlab chiqish tartibi mustahkamlanmoqda.

Shuningdek, qonunda, xavfsizlikni davlat tomonidan tartibga soluvchi organlar, ekspluatatsiya qiluvchi tashkilotlar mansabdor shaxslarning huquqlari va majburiyatlari belgilab berilgan.

Hujjatda jismoniy va yuridik shaxslarga atrof-muhitga radiatsiyaviy ta’sir natijasida yetkizilgan zararning o‘rnini qoplash, bu sohada xalqaro hamkorlikni amalga oshirish tartibi ham nazarda tutilgan.