SSV: O‘zbekistonda bachadon bo‘yni saratoni kasalligining oldini olish chorasi topildi

Bachadon bo‘yni saratoni ayollar salomatligiga tahdid qiluvchi jiddiy kasalliklardan biri hisoblanadi. 2018-yilda dunyoda bachadon bo‘yni saratoni bilan qariyb 570 000 yangi kasallanganlik holati qayd etilgan.
Sputnik

TOShKENT, 21 avg – Sputnik. Sog‘liqni saqlash vazirligi O‘zbekistonda bachadon bo‘yni saratoni kasalligining oldini olish chorasi topilganini ma’lum qildi.

Saratonning bu turining oldini olish borasida sinalgan va samarali strategiyalar mavjud. Ulardan biri — odam papillomavirusi (OPV) ga qarshi emlash. O‘zbekiston bu borada birinchi qadamni qo‘ydi, ya’ni shu yilning noyabridan boshlab 9 yoshli qizlar ushbu kasallikka qarshi emlanadi.

Saraton kasaliga chalingan ayolga prezident tomonidan uy berildi

Milliy emlash kalendariga ko‘ra, mamlakatda bolalar davlat budjeti hisobidan 12 ta boshqariladigan infeksiyalarga qarshi emlanadi. Shuning uchun ham mamlakatda epidemiologik holat barqaror saqlanmoqda.

“Endilikda OPVga qarshi vaksinaning joriy qilinishi esa yana bir og‘ir kasallik — bachadon bo‘yni saratoni kasalligining oldini olishga xizmat qiladi. Yurtimizda 9 yoshli o‘smir qizlarni rejali emlash shu yilning noyabr oyidan boshlanadi. Buning natijasida kelajakda har yili 1 100 ta kasallanish va bachadon bo‘yni xastaligi bo‘yicha 600 ga yaqin o‘lim holatlarining kamayishiga erishiladi”, - deyiladi SSV xabarida.

Bachadon bo‘yni saratoni ayollar salomatligiga tahdid qiluvchi jiddiy kasalliklardan biri hisoblanadi. 2018-yilda dunyoda bachadon bo‘yni saratoni bilan qariyb 570 000 yangi kasallanganlik holati qayd etilgan. Har yili shu kasallikdan 311 000 dan ortiq ayollar vafot etadi.