O‘zbekistonda so‘m denominatsiya qilinadimi? – Markaziy bank raisi javobi

Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurotov respublikada milliy valyuta denominatsiyasi o‘tkazilishi haqida o‘z fikrlarini aytdi.
Sputnik

TOShKENT, 20 avg – Sputnik. Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurotov O‘zbekiston milliy valyutasi - so‘mning denominatsiya qilinishi haqida o‘z fikrlarini aytdi.

Bu haqda Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” kanali xabar qildi.  

So‘m yana antirekord o‘rnatdi – O‘zbekiston valyuta kurslari

“Denominatsiya oddiygina nollarni o‘chirish emas, katta iqtisodiy xarajat. Biz denominatsiya qilmoqchi emasmiz. Markaziy bank raisi sifatida aytmoqchiman, denominatsiya hech kimning xayolida yo‘q.

Denominatsiya iqtisodiy barqarorlik va kuchli inflyatsiya sharoitida o‘tkaziladi.  Bizda ahvol unday emas”, - deb ta’kidladi Markaziy bank raisi.

Eslatib o‘tamiz, 2017-yil 22-avgustida O‘zbekistonda 50 ming so‘mlik, 2019-yil 25-fevralida – 100 ming so‘mlik banknotalar muomalaga kiritilgan edi.

Ma’lumot uchun: denominatsiya bu – moliyaviy islohotning bir turi bo‘lib, u valyuta nominal qiymatini kamaytirishni, bin necha eski namunadagi qog‘oz pul o‘rniga 1 ta yangi namunadagi banknota ishlatishni  nazarda tutadi. Masalan, Rossiyada 1998-yilda o‘tkazilgan denominatsiyada 1000  rubl 1 rublga tenglashtirilgan edi.