Gulnora Karimovaga nisbatan yangi jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi

"G.Karimova fuqarolar va turli kompaniya egalarini zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitib, ularning mulkini o‘ziga tegishli bo‘lgan kompaniyalarga rasmiylashtirib berishga majbur qilgan," – deyilgan xabarda.
Sputnik

TOShKENT, 19 avg – Sputnik. Bosh prokuratura tomonidan G.Karimovaga nisbatan davlat mulkini talon-toroj qilish, O‘zbekiston Respublikasi manfaatlariga zid bitimlar tuzish hamda o‘zgalarning juda ko‘p miqdordagi mulkini tovlamachilik yo‘li bilan qo‘lga kiritish holatlari yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar qildi.

Gulnora Karimova koloniyadan tez yordamda gospitalizatsiya qilindi

Xabarda aytilishicha, jinoyat ishlari qo‘zg‘atilishiga “White and Case” xalqaro yuridik kompaniyasidan kelib tushgan ma’lumotlar va fuqarolarning arizalari asosida to‘plangan tekshirish hujjatlari asos bo‘lgan.

"Aniqlanishicha, G.Karimova bir guruh shaxslar bilan til biriktirgan holda, “Quvasoysement” va “Bekobodsement” AJlarining davlatga tegishli bo‘lgan aksiyalarini arzonlashtirilgan narxlarda sotib olgan.

G.Karimova qayd etilgan aksiyalarni chet el tadbirkorlariga sotgan hamda ularning noqonuniy faoliyatiga rahnamolik qilib, respublika manfaatlariga juda ko‘p miqdorda zarar yetkazgan", - deyilgan bayonotda.

Bosh prokuratura bayonotida aytilishicha, G.Karimova fuqarolar va turli kompaniya egalarini zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitib, ularning mulkini o‘ziga tegishli bo‘lgan kompaniyalarga rasmiylashtirib berishga majbur qilgan.

"Ish bo‘yicha haqiqatni aniqlashga to‘sqinlik qilish holatlarining oldini olish maqsadida boshqa tafsilotlar oshkor qilinmaydi. Jinoyat ishlari bo‘yicha tergov davom etmoqda," - deyilgan prokuratura xabarida.

Eslatib o‘tamiz, Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudining 2017-yil 18-dekabrdagi hukmi bilan 1972-yilda tug‘ilgan Karimova Gulnora Islamovnaga 10-yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangandi.

G.Karimova jazoni o‘tash tartibi va shartlarini qasddan buzganligi sababli jinoyat-ijroiya qonunchiligiga muvofiq, O‘zbekiston IIV Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi huzuridagi Probatsiya xizmatining taqdimnomasiga asosan, 2019-yil 5-martda jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tumani sudi tomonidan unga nisbatan tayinlangan jazoning o‘talmay qolgan muddati ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan almashtirilib, umumiy tartibli koloniyada o‘tashi belgilangan.