Qorako‘lchilikni rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etiladi

Prezident qaroriga ko‘ra, yetishtirilgan har bir dona qorako‘l terisi uchun budjetdan 50 ming so‘mdan va qorako‘lcha terisi uchun 75 ming so‘mdan subsidiya ajratiladi.
Sputnik

TOShKENT, 18 avg – Sputnik. O‘zbekistonda “Qorako‘lchilik” uyushmasi huzurida Qorako‘lchilikni rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etildi. Bu haqida 16-avgust kuni qabul qilingan 4420-sonli prezident qarorida aytib o‘tilgan.

Prezident Buxoroda qorako‘lchilik instituti va jamg‘armasini tashkil etish topshirig‘ini berdi

“Huquqiy axborot” portali xabariga ko‘ra, 2019–2023 yillarda qorako‘lchilik xo‘jaliklariga yetishtirib eksportga sotilgan har bir dona qorako‘l terisi uchun Davlat budjetidan 50 ming so‘mdan va qorako‘lcha terisi uchun 75 ming so‘mdan subsidiya ajratilishi belgilandi.

Qorako‘lchilik xom ashyolari asosida yaratiladigan immunitetni tiklovchi “Timoptin inyeksiyasi” va kamqonlikda qo‘llaniladigan “Eritim” preparatlarini ishlab chiqarish 10 baravargacha oshiriladi.

Shuningdek, qarorga muvofiq Navoiy viloyatida qorako‘l zotli qo‘ylarning sur rangi bo‘yicha, Qashqadaryo viloyatida qora va ko‘k rangi bo‘yicha yuqori elita sinfli nasldor qorako‘l qo‘ylar yetishtirishga ixtisoslashtirilgan Ilmiy-naslchilik tajriba stansiyalari tashkil etiladi.

Hujjat haqidagi to‘liq ma’lumot bilan www.lex.uz sayti orqali tanishish mumkin.