Rassom qiz chizgan suratlarni uning vatanida juda ko‘plar tanqid qiladi, ammo shu bilan birga, undan suratini chizib berishni so‘rab, murojaat etuvchilar ham bisyor.
Bu rassom qizning ismi Ma’rifat Davlatova, u 26 yoshda. Ma’rifat Tojikistonda yashaydi. Jamoatchilik u haqda 2018-yilda, ya’ni Ma’rifat ilk marotaba Dushanbeda o‘z ko‘rgazmasini o‘tkazganida xabar topgan edi. O‘shanda u chizgan suratlar "ular mamlakat madaniy normalariga zid", degan ma’noda ko‘pchilik tomonidan qattiq tanqid qilingan edi. Shunday bo‘lsa-da, Ma’rifatni qo‘llab-quvvatlaganlar ham topildi.
"Ko‘rgazmadan keyin menga ko‘plar murojaat qilgan edi, nafaqat Tojikiston, balki Qirg‘iziston, Qozog‘iston va O‘zbekistondan ham. Ular menga: "Biz sening oldingga, Tojikistonga ham bora olamiz. Sen bizlarni qog‘ozda ko‘rsatishingni istaymiz", deb aytgandi. Mening maqsadim esa barchamizga singdirilgan ayol go‘zalligi haqidagi stereotiplar - safsata ekanligini ko‘rsatish edi, xolos", - deydi rassom.
U shuningdek, ijodi protest emasligini, balki u shu tarzda ayollarga yordam berishni xohlashini ta’kidladi. Ma’rifatga murojaat etgan ayollarning so‘zlariga ko‘ra, aynan rassom qiz tufayli ular o‘zlarini haqiqatda go‘zal his eta boshlaganlar.