TOShKENT, 15 avg – Sputnik. “Angren” erkin iqtisodiy zonasida Markaziy Osiyoda yetakchi bo‘ladigan mineral yung ishlab chiqaruvchi yangi “ANGREN INSULATION” zavodi qurilishiga start berildi, deb xabar qildi O‘zbekiston Milliy axborot agentligi.
“Angren” erkin iqtisodiy zonasida ham investitsiya jalb etish orqali yangi ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xitoylik tadbirkorlar bilan hamkorlikdagi mazkur zamonaviy ishlab chiqarish majmuasini barpo etish uchun bosqichma-bosqich 40 million dollardan ortiq sarmoya kiritilishi mo‘ljallanmoqda.
2020 yilda foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan korxonada 300 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Dunyo yetakchi firmalarining 50 ming tonnadan ortiq tayyor mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lgan avtomatlashtirilgan liniyalari bilan jihozlanadi.
Qurilish jarayonida mineral yung izolyatsiyasidan foydalanish energiya tejash ko‘rsatkichlarini sezilarli darajada oshiradi va har qanday binoning energiya samaradorligini yaxshilaydi. Qurilish kompaniyalari va aholi tomonidan mineral yungdan foydalanish yiliga kamida 10 milliard kubometr tabiiy gazni tejash imkonini yaratadi.