"Odamlar aldanib qolmoqda": Mehnat vazirligi xususiy bandlik agentliklari ishini tekshiradi

Tekshiruv o‘tkazilishiga fuqarolarning aldanib qolayotganliklari holatlari sabab sifatida ko‘rsatilgan.
Sputnik

TOShKENT, 15 avg - Sputnik. Mehnat vazirligi ayrim xususiy bandlik agentliklari faoliyati ustidan tekshiruv o‘tkazmoqchi. Bu haqda vazirlik matbuot-xizmati xabar bermoqda.

Mehnat migrantlari soni kamaymoqda – vazirlik

"O‘zbekiston Respublikasining "Xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risida”gi Qonunining 20-moddasi hamda Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 12-sentabrdagi 725-son qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida ish izlayotgan shaxslarni ishga joylashtirish bo‘yicha faoliyatni litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi Nizom”ga muvofiq vazirlik tomonidan fuqarolarning qonuniy huquq va manfaatlari himoyasini ta’minlash maqsadida ayrim* Xususiy bandlik agentliklarining faoliyatini tekshirish rejalashtirmoqda", - deyilgan xabarda.

Tekshiruv o‘tkazilishiga fuqarolarning aldanib qolayotganliklari holatlari sabab sifatida ko‘rsatilgan. Vazirlik axborotida aytilishicha, mazkur agentliklarga ishga joylashish uchun murojaat etgan va oldindan 100% haq to‘lagan fuqarolar ishga joylashtirilmay qolmoqda va ular o‘z mablag‘larini qaytarib ololmayapti, ayrim hollarda to‘langan pullarning ma’lum bir qismi asossiz ushlab qolinmoqda.

Tekshirish yakuni bo‘yicha qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘ygan Xususiy bandlik agentliklarining litsenziyasini to‘xtatish, tugatish, bekor qilish masalasi ko‘rib chiqiladi, deyiladi xabarda. Shuningdek Nizom va Bitim talablarini buzgan Xususiy bandlik agentliklari bo‘yicha to‘plangan hujjatlar va ma’lumotlar huquqni muhofaza qilish organlariga yuboriladi.