Madaniy meros obyektlari hududida faqat O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan suvenirlar sotiladi

Prezident “O‘zbekiston Respublikasida turizm sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonga imzo chekdi.
Sputnik

TOShKENT, 15 avg - Sputnik. O‘zbekistonning YuNESKO ro‘yxatiga kiritilgan madaniy meros obyektlari va davlat muhofazasiga olingan yodgorliklari hududida faqat mamlakatda ishlab chiqarilgan suvenir mahsulotlari sotiladi. Bu  prezident tomonidan imzolangan “O‘zbekiston Respublikasida turizm sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonda belgilab qo‘yilgan.

O‘zbekiston shaharlarida Xitoy lash-lushlari ko‘payib ketdi – Madaniyat vaziri o‘rinbosari

Shuningdek, farmonga muvofiq 2020-yil 1-yanvardan:

- turizm faoliyati subyektlari va aviatashuvchilarning xorijiy mamlakatlardan O‘zbekistonga charter reyslarini tashkil qilish bo‘yicha xarajatlarining bir qismi har bir xorijiy turist uchun, u respublika hududida kamida besh kecha tunab qolgan taqdirda, 20 AQSh dollari, qish mavsumida (20 noyabrdan 20-fevralgacha) esa 50 AQSh dollari miqdorida qoplab beriladi;

- xorijiy kinokompaniyalarning O‘zbekiston hududida audiovizual mahsulotlar (kino, tele va videofilm, klip, multfilm, animelar) yaratishdagi xarajatlarining bir qismi (“rebate”) bitta mahsulot uchun 300 ming AQSh dollaridan oshmagan miqdorda qoplab beriladi;

- O‘zbekistonning tarixiy va afsonaviy shaxslari to‘g‘risidagi to‘liq metrajli badiiy, qisqa metrajli badiiy, xronikal hujjatli filmlarni suratga olish uchun 3 milliard so‘mdan oshmagan miqdorda grantlar ajratiladi;

- tadbirkorlik subyektlarining respublika hududlarida (Toshkent shahridan tashqari) chet el taomlariga yoki alohida yo‘nalishga ixtisoslashtirilgan mavzuli ovqatlanish shoxobchalarini, shuningdek, “karaoke” zallari va turistik qo‘ngilochar muassasalarni tashkil etish xarajatlarining bir qismi har bir loyiha uchun 10 million so‘m miqdorida qoplanadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Madaniyat vaziri o‘rinbosari Kamola Akilova O‘zbekistonning qadimiy shaharlarida va umuman respublikada Xitoyda ishlab chiqarilgan esdalik sovg‘alar juda ko‘payib ketgani va tartib o‘rnatish zarurligini ta’kidlagan edi.