TOShKENT, 13 avg - Sputnik. O‘zbekistonlik muhandis-saporlar Xalqaro armiya o‘yinlarining “Xavfsiz marshrut” yo‘nalishida uchinchi o‘rinni egalladi. Bu haqda Mudofaa vazirligi xabar qildi.
Rossiya Federatsiyasining Tumen viloyatida joylashgan dala-o‘quv maydonida bo‘lib o‘tgan yarim final bahsida kurash olib borgan o‘zbekistonlik harbiylar xalqaro musobaqaning birinchi kunidan marrani qo‘ldan boy bermaslikka harakat qildi.
Harbiy musobaqa shart-sharoitlari jang holatiga maksimal yaqin bo‘lishi uchun 6000 metrga yaqin bellashuv yo‘lagiga 250 dan ziyod imitatsion, signal va portlovchi-yonuvchi zaradlardan iborat elektroportlovchi tarmoq yotqizib chiqilgan edi. Musobaqaga yanada shiddat va keskinlik olib kirish uchun Su-24 front bombardimonchisi va Mi-8 transport-jangari vertolotlarining shartli aviazarbalari bilan bellashuv boshlandi. Belarus, Vyetnam, O‘zbekiston hamda Rossiya jamoalari o‘rtasida o‘tkazilgan final bosqichi qizg‘in bahslarga boy kechdi.
Xususan, vertolot maketidan desantlashtirilgan holatida tushish, osma ko‘prik va setkali devor to‘siqlaridan o‘tish, binoni portlatib, ishg‘ol qilish, sim to‘siqli mina maydonini tozalash hamda suvli to‘siqlardan o‘tish shartlarida o‘zbek muhandis-saporlari peshqadamlik qildi.
O‘zbekistonliklar uzunligi 30 va 6 metr bo‘lgan hududni minalardan tozalash, uzunligi 40 metr bo‘lgan suv havzasiga TMM-3 (og‘ir mexanizatsiyalashgan ko‘prik) texnikalari yordamida ko‘prik o‘rnatib, shaxsiy tarkibga yo‘l ochish shartlaridagi aniq harakatlari tomoshabinlar olqishiga sazovar bo‘ldi. BAT-2 yo‘l quruvchi va IMR-2 to‘siqlardan o‘tish muhandislik texnikasi yordamida berilgan shartlarni to‘laqonli bajarishga harakat qilishdi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, jamoa mazkur musobaqada uchinchi o‘ringa loyiq deb topildi. Rossiya birinchi, Belarusga esa ikkinchi o‘rin nasib etdi.
Shuningdek, mazkur musobaqa davomida BAT-2 yo‘l quruvchi muhandislik texnikasi ekipaji a’zolari – mexanik-haydovchi, shartnoma bo‘yicha harbiy xizmat oddiy askari Shavqiddin Narzullayev va BAT-2 yo‘l quruvchi muhandislik texnikasi hisobi, kichik serjant Feruz Guchchiyev “ArMI-2019” xalqaro armiya o‘yinlarining “Xavfsiz marshrut” musobaqasida “Eng ilg‘or BAT-2 ekipaji” nominatsiyasi g‘olibi deya e’tirof etildi.
Eslatib o‘tamiz, III va IV Xalqaro armiya o‘yinlarining “Xavfsiz marshrut” musobaqalarida ham o‘zbekistonlik harbiylar 3-o‘rinlarni qo‘lga kiritgan edi.