“Termiz — Dushanbe — Qashg‘ar” yo‘nalishida ilk avtokarvon yo‘lga chiqdi

Mazkur avtokarvonda har uchala davlatdan ikkitadan katta hajmli yuk avtomobillari ishtirok etishmoqda. Ular umumiy hisobda 1422 km masofani bosib o‘tadi.
Sputnik

TOShKENT, 11 avg — Sputnik. Surxondaryo viloyatining Termiz shahridan “O‘zbekiston — Tojikiston — Xitoy” yo‘nalishida yangi trasport yo‘lagi bo‘yicha tajriba-sinov avtokarvoni yo‘lga chiqdi.

O‘zbekistonda yuklarni tashish uchun elektron platforma yaratiladi

Mazkur avtokarvonda har uchala davlatdan ikkitadan katta hajmli yuk avtomobillari ishtirok etishmoqda.  “Termez Cargo Centr” logistika terminalidan yuk ortgan jami 6 ta avtomobil “Termiz (O‘zbekiston) – Dushanbe, Vahdat, Ko‘lob, Qal’ai Xumb, Xorug‘, Kulma (Tojikiston) – Qashg‘ar (Xitoy) yo‘nalishida harakatlanib umumiy hisobda 1422 km masofani bosib o‘tadi.

“Ushbu loyiha avtomobil transportida xalqaro tashishlarni amalga oshirish yo‘nalishida davlatlar hamkorligini yanada rivojlantirib, savdo- iqtisodiy aloqalarning mustahkamlanishiga o‘zining ijobiy hissasini qo‘shadi”, - deyiladi Transport vazirligi xabarida.

“Termiz — Dushanbe — Qashg‘ar” yo‘nalishi bo‘yicha tashkil etilayotgan ushbu avtokarvon O‘zbekiston prezidentining 2019-yil 6-apreldagi “Yuk va yo‘lovchi tashish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash yuzasidan amalga oshirilmoqda.