Inson va maymun hujayrasidan embrion yaratildi — olimlar hayratda

Ekspertlar tadqiqot natijalari "katta istiqbolga ega", deya ta’kidlashmoqda
Sputnik

TOShKENT, 2 avg — Sputnik. Ispaniyalik va amerikalik olimlar guruhi inson va maymun hujayrasidan embrion yaratishdi, deb xabar qilmoqda "Izvestiya" nashri.

Tadqiqot xitoy laboratoriyalarining birida o‘tkazilgan. Loyiha ishtirokchilaridan biri, biolog Estrelya Nunyes gapirib bergan. Uning so‘zlariga ko‘ra, olimlar organlar transplantatsiyasi uchun organlarni yetishtirish imkoniyatini tadqiq etganlar va bu uchun inson o‘zak hujayralarini hayvonlar embrioniga qo‘shganlar.

Olimlar: qo‘l qovushtirib o‘tiraversak, farzandlarimiz mutantlarga aylanadi

Natijada genetik jihatdan turli bo‘lgan hujayralardan yangi organizm paydo bo‘lgan. Shu bilan birga, mavjudot dunyoga kelishga ulgurmagan, chunki olimlar uning rivojlanish jarayonini uzib qo‘yganlar.

Olimlar tadqiqot tafsilotlarini ochiqlamadilar, lekin Nunyesning o‘zi ta’kidlaganidek, tadqiqotlar natijalari "o‘ta istiqbolli". Tadqiqotchilar inson va hayvonlar, xususan maymunlar hujayralari bilan ishlashni davom ettiradilar.

Ayrim ekspertlarni ushbu eksperiment natijalari biroz hayratga soldi. Xususan, Barselona regenerativ tibbiyot markazi rahbari Anxel Raya bu kabi tajribalar axloq nuqtayi-nazaridan qanchalik to‘g‘riligi borasida savolni o‘rtaga tashladi.

"O‘zak hujayralar hayvon miyasida inson neyronlarini shakllantirsa nima bo‘ladi? Unda ong paydo bo‘ladimi?", - deya savol beradi u.

Nunyesning so‘zlariga ko‘ra, agar inson hujayralari hayvon miyasiga tushadigan bo‘lsa, ular o‘z-o‘zini yo‘q qiladigan mexanizm yaratilgan.