Jeenbekov Issiq-Ko‘lga uchib kelgan Emomali Rahmonga nima dedi?

Tojikiston prezidenti Qirg‘izistonga ishchi tashrif bilan keldi. Ikki davlat rahbarlari Isfarada boshlangan muzokaralarni davom ettirdilar
Sputnik

TOShKENT, 27-iyul — Sputnik. Qirg‘iziston va Tojikiston prezidentlari Sooronbay Jeenbekov va Emomali Rahmon o‘rtasidagi muzokaralar Cholpon-Otada davom etdi, deb xabar qildi Qirg‘iziston Respublikasi davlat rahbari apparatining axborot siyosati bo‘limi.

Tojik-qirg‘iz chegarasidagi qurolli mojaro: hozir vaziyat qanday

Ikkiyoqlama hamkorlik, shu jumladan chegaralar delimitatsiyasi va demarkaziyasi masalalariga bag‘ishlangan birinchi raund muzokaralar 26-iyul kuni Isfara (Tojikiston)da bo‘lib o‘tgan edi.

Jeenbekov Emomali Rahmonga bu tashrif o‘zaro manfaatli hamkorlik faollashuviga qo‘shimcha impuls berishini aytgan va kechagi muzokaralardan ko‘ngli to‘lganini qo‘shimcha qilib, mehmondorchilik uchun minnatdorlik bildirdi.

Shundan so‘ng, ikki davlat prezidentlari muzokaralari Cholpon-Otada davom etgan.

"Biz mintaqaviy va xalqaro muammolar yuzasidan fikr almashdik, shuningdek, mintaqadagi suv va energetika masalalarini muhokama qildik. Qirg‘iziston Respublikasi Tojikiston Respublikasining suvdan foydalanish masalalariga global darajada jahon hamjamiyati e’tiborini tortish uchun amalga oshirayotgan bunyodkorlik siyosatini yuqori baholaydi va qo‘llab-quvvatlaydi", - deya qayd etgan Jeenbekov.

Qirg‘iziston rahbari so‘zlariga ko‘ra, aynan Emomali Rahmonning qo‘llab-quvvatlashi tufayli ikki davlat chegarasida tarixiy uchrashuv bo‘lib o‘tgan.

"Bunaqasi davlatlarimiz mustaqillikka erishgandan buyon bo‘lmagan. Aminmanki, ushbu uchrashuv ikkiyoqlama hamkorlikni mustahkamlash va kengaytirish bo‘yicha keyingi qat’iy harakatlarimiz uchun tayanch bo‘lib xizmat qiladi", - dedi Jeenbekov.

Tojikiston prezidenti esa o‘z hamkasbini ushbu taklif uchun maqtagan.

Tojik-qirg‘iz chegarasida yana kelishmovchilik yuz berdi

"Mehmondo‘st qirg‘iz zaminida uchrashib turganimizdan g‘oyatda mamnunman. Bu uchrashuv Qirg‘iziston va Tojikiston davlatlari kun tartibidagi dolzarb masalalar bo‘yicha konstruktiv muloqotni davom ettirishga imkoniyat yaratadi. Qirg‘iziston bilan yaqin hamkorligimiz rivojlanishidan manfaatdormiz, axil qo‘shnichilik munosabatlari izchil mustahkamlanib borishiga katta ahamiyat beramiz", - deb ta’kidlagan Rahmon.

Qirg‘iziston va Tojikiston chegarasidagi hodisa

22 iyul kuni kechqurun qirg‘iz-tojik chegarasida kechqurun qurol ishlatilgan mojaro yuz berdi. Qirg‘iziston davlat chegara xizmati ma’lumotiga ko‘ra Tojikiston Voruz qishlog‘i aholisi aholi punktiga kirish joyiga bayroq o‘rnatmoqchi bo‘lishgan, Oq-Soy (Qirg‘iziston) qishlog‘i ahli esa bunga qarshi chiqishgan. Og‘zaki tortishuv davomida tomonlardan biri qurol ishlatgan. Davlat chegara xizmati ma’lumotiga ko‘ra, qurol fuqarolardan biri tomonidan ishlatilgan bo‘lishi mumkin, chunki o‘q ov miltig‘idan uzilgan. Dastavval besh nafar jabrlanganlar haqida xabar berilgan edi, so‘ngra ular soni 14 nafargacha yetdi.

Qirg‘iziston va Tojikiston chegarasidagi qurolli mojaro oqibatida o‘qituvchi halok bo‘ldi

Sal vaqt o‘tgach idora qirg‘iz-tojik chegarasidagi ahvol murakkab ekanligini, ammo holat nazoratga olingani to‘g‘risida axborot bergan.

Tojikiston GNKB chegara qo‘shinlari qirg‘izistonlik hamkasblarini fitna uyushtirganlikda ayblagan. Qirg‘iziston Davlat chegara xizmati Tojikiston vakillarini hissiyotlarga berilmaslikka chaqirgan va yuz bergan hodisani birgalikda o‘rganishga da’vat qilgan. Ikki davlat bosh vazirlari o‘rinbosarlari yuz bergan hodisa yuzasidan birgalikda tekshiruv o‘tkazishga kelishishgan.

24 iyul kuni 6:00 ga yaqin Oq-Soy qishlog‘i aholisi Isfara - Vorux trassasini mayda toshlar yordamida to‘sib qo‘yishga uringan. Militsiya xodimlari qonunni buzmaslikka chaqirishgan, ammo qishloq aholisi ularni toshbo‘ron qilishga tushgan - to‘rt nafar huquqni muhofaza qilish xodimlari jabrlangan. Shundan so‘ng tutun chiqaruvchi granatalar qo‘llanilgan.

25 iyul kuni Batken — Isfana va Isfara — Vorux trassasi ochilgan. Batkenga evakuatsiya qilingan 700ga yaqin oq-soyliklar o‘z uylariga qaytarilgan.