TIV Samarqandda o‘tkaziladigan afg‘onlararo uchrashuv yuzasidan bayonot bilan chiqdi

Samarqand uchrashuvi o‘tkazilishining aniq vaqti afg‘onlararo muzokaralarning barcha ishtirokchilari bilan kelishilganidan so‘ng e’lon qilinadi.
Sputnik

TOShKENT, 24-iyul - Sputnik. O‘zbekiston TIV Samarqandda o‘tkaziladigan afg‘onlararo uchrashuv yuzasidan bayonot bilan chiqdi.

Xabarda ta’kidlanishicha, O‘zbekiston Doxadagi afg‘onlararo konferensiya qarorini va uning ishtirokchilari tomonidan qabul qilingan Tinchlik to‘g‘risidagi qo‘shma rezolyutsiyani qo‘llab quvvatlaydi.

Afg‘oniston hukumati va “Tolibon” o‘rtasidagi muzokaralar Samarqandda o‘tkaziladi

O‘zbekiston tomoni inklyuziv afg‘onlararo muloqotning navbatdagi raundini Samarqand shahrida o‘tkazish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishga tayyorligini yana bir bor tasdiqlagan va bo‘lajak muzokaralar muvaffaqiyatli bo‘lishiga umid bildirgan.

“Samarqand uchrashuvi o‘tkazilishining aniq vaqti afg‘onlararo muzokaralarning barcha ishtirokchilari bilan kelishilganidan so‘ng e’lon qilinadi”, - deyiladi TIV rasmiy bayonotida.

Xabarda O‘zbekiston tomoni Afg‘onistondagi siyosiy jarayon faqat afg‘on xalqi va uning rahbarligida amalga oshirilishi zarurligi to‘g‘risidagi o‘zining prinsipial mavqeyini tasdiqlashi qo‘shimcha qilingan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq "Tolibon" O‘zbekistonda o‘tkaziladigan afg‘onlararo uchrashuvga taklif etilmagani xabar qilingan edi.