Majburiy tibbiy sug‘urta 3 bosqichda kiritiladi  

2021 yildan boshlab joriy etilishi rejalashtirilayotgan majburiy tibbiy sug‘urta tizimi - tibbiy xizmatlar sifatini oshirish va budjet mablag‘larini tejashga qaratilgan.
Sputnik

TOShKENT, 23-iyul – Sputnik. O‘zbekistonda majburiy tibbiy sug‘urta uch bosqichda, 2021, 2023 va 2025-yillarda joriy etiladi. Bu haqida majburiy tibbiy sug‘urta mexanizmlarini joriy etish haqidagi prezident qarori loyihasida aytib o‘tilgan, deb xabar qilmoqda Norma.uz. 

Majburiy tibbiy sug‘urta to‘g‘risida qonun loyihasi tayyorlandi

Normativ – huquqiy hujjatlarni muhokama qilish portalida joylashtirilgan prezident qarori loyihasiga ko‘ra, O‘zbekistonda majburiy tibbiy sug‘urta mexanizmi 2021-yildan boshlab ommaviy tartibda joriy etila boshlanadi.

Majburiy sug‘urta 2021-yilda boshlanadigan birinchi bosqichda tajriba tariqasida Sirdaryo viloyatida joriy etiladi. 2023-yildan Qoraqalpog‘iston respublikasi, Toshkent, Samarqand, Navoiy, Surxondaryo va Farg‘ona viloyatlarida joriy etiladi. 2025-yildan boshlab esa – butun O‘zbekiston bo‘ylab amal qiladi.

Vazirlar Mahkamasi qaramog‘ida Ixtiyoriy tibbiy sug‘urta fondi tashkil qilinadi. Uning filiallari Toshkent shahri va Qoraqalpog‘iston respublikasida ishlay boshlaydi.

O‘zbekistonda 10-yil ichida majburiy tibbiy sug‘urta tizimi joriy etiladi - Abduxakimov

Ushbu fondning asosiy vazifasi etib – aholini tibbiy sug‘urta qilish loyihasini amalga oshirish, sug‘urta badallarini jamlash va boshqarish – belgilangan.

Ushbu yo‘nalishda O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi jahaon tajribasini o‘rganib chiqib, JST ekspertlari hamda Janubiy Koreyaning Milliy tibbiy sug‘urta xizmati vakillari bilan maslahatlashgan va tajribasini o‘rgangan.

O‘zbekistonda majburiy tibbiy sug‘urta tizimini tashkil qilish konsepsiyasi 2018-yilning dekabr oyida prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan tasdiqlangan edi. Ushbu sohada rejalashtirilayotgan islohotlar aholining tibbiy xizmatlarga bo‘lgan ehtiyojini qondirib,  sohaga moliyaviy resurslarni jalb qilish va ularni samarali xarajat qilishga qaratilgan.