Piskent tumanida o‘tkazilgan sayyor qabulda 300 ta murojaat ko‘rib chiqildi

Muloqot yakunida jami kelib tushgan 300 dan ziyod murojaatning 64 tasi joyida hal etildi.
Sputnik

TOShKENT, 22-iyul – Sputnik. Prezident Toshkent viloyatidagi Xalq qabulxonasi Piskent tumanidagi “Yoshlar bog‘i”da ommaviy qabul tashkil etildi.

Prezident maktablariga asosiy qabul imtihonlari qachon bo‘lib o‘tishi ma’lum qilindi

Prezident Administratsiyasi, Oliy sud, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi mas’ul xodimlari, Toshkent viloyatidagi sektorlar rahbarlari, viloyatdagi barcha boshqarma va tashkilot mutasaddilari murojaatchilarning ariza, shikoyat va takliflarini qabul qilib, ularning muammolariga yechim izladi.

Ohangaronlik Nargiza Sulaymonova o‘zi yashayotgan “Taraqqiyot” mahallasi yo‘llari ta’mirtalabligidan shikoyat qildi. Aytilishicha, o‘tgan yili bu ishlar boshlanib, so‘ng chala qolgan. Hudud aholisi shu ishlarga ko‘maklashish uchun 2018-yili 170 ming so‘mdan pul yig‘ib bergan, bu yil ham yo‘l ta’miri aholi gardaniga tushmoqda. Murojaatdan so‘ng, ayni hududning yo‘llari homiy tomonidan ta’mirlanib beriladigan bo‘ldi.

Xurshida Rustamova Olmaliq shahrida ijarada yashaydi. 1992-yilda tug‘ilgan katta o‘g‘li G‘anisher Baxtiyorov 2-guruh nogironi. Bu ayol ham ommaviy qabulda o‘g‘lini davolatishga yordam so‘rab keldi. Shu yerning o‘zida  uning muammolari o‘rganilib, hal qilinadigan bo‘ldi.

Piskentlik Dilafro‘z Abdunazarova ham ommaviy qabulga turmush o‘rtog‘ining dardiga darmon istab keldi. Gap shundaki, uning eri suyak yemirilishidan aziyat chekmoqda O‘zi, ro‘zg‘ori tang oila buning uchun mablag‘ topa olmayapti. Ommaviy qabuldagi murojaatidan so‘ng Dilafro‘z opaning muammosi hal qilinadigan bo‘ldi.

70 yoshdan oshgan pskentlik Zoirjon ota 2-guruh nogironi. Dard degani yosh tanlab  o‘tirmaydi. Umr o‘tgan sayin ko‘z nuri ketib xastalanayotgan otaxonga ham Sog‘liqni saqlash vazirligi Toshkent shahridagi ko‘z kasalliklari shifoxonasiga yo‘llanma ajratadigan bo‘ldi.

XTV Toshkent shahrida 1-sinfga qabul bo‘yicha ko‘p beriladigan savollarga javob berdi

Chinozlik Shoira Ashurovaning kichik o‘g‘li Yangiyo‘l tumani qishloq xo‘jaligi kasb hunar kollejini tamomlagan, harbiy xizmatni o‘tab kelgan. Ammo, hamon ishsiz. Ommaviy qabuldagi murojaatidan so‘ng Shoira opaning mushkuli oson bo‘ldi.

Bo‘kalik Baxtiyor Aliyevga o‘tgan yili Toshkent viloyatidagi Xalq qabulxonasiga murojaatidan so‘ng “Chovlisoy” mahallasidan 5 xonali  uy ajratib berilgan, ro‘zg‘orni butlashi uchun 1 ta qoramol ham berilgan edi. Og‘ir dard bilan kurashayotgan Baxtiyor aka endi nogironlikni belgilash masalasida amaliy yordam so‘radi. Viloyat sog‘liqni saqlash bosh boshqamasi bu masalani o‘rganib chiqadigan bo‘ldi.

Muloqot yakunida jami kelib tushgan 300 dan ziyod murojaatning 64 tasi joyida hal etildi, qo‘shimcha o‘rganish talab etiladigan 189 ta murojaatning ko‘rib chiqilishi nazoratga olindi, 51 ta murojaat bo‘yicha huquqiy maslahat va tushuntirishlar berildi.