O‘zbekistonda jamoat transportlari oynalarini qoraytirish taklif etildi

Avtobus va boshqa yo‘nalishli transport vositalarining oynalarini yorug‘lik o‘tkazishini kamida 50 yoki 60 foizgacha so‘ndirish taklif etildi.
Sputnik

TOShKENT, 19-iyul – Sputnik. “Mening fikrim” murojaatlar portalida jamoat transportlari oynalarini qoraytirish haqida petitsiya joylashtirildi.

“Tonirovka” uchun jarima miqdori 25 baravarga oshirildi

Petitsiya muallifi fikriga ko‘ra, yoz mavsumida harorat 40 darajadan oshgan vaqtlarda avtobuslardagi konditsionerlarning sovutish funksiyasi ishlamay qolganda juda seziladi.

“Shu sababli, jamoat transportlari, ya’ni avtobus va boshqa yo‘nalishli transport vositalarining oynalarini yorug‘lik o‘tkazishini kamida 50 yoki 60 foizgacha so‘ndirishni taklif qilaman”, - deyilgan murojaatda.  

Ta’kidlanishicha, jazirama quyosh jamoat transportidagi odamlarning salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Ko‘ngil aynishi, xushsizlanish kabi holatlarga sabab bo‘ladi.

Bundan tashqari, ba’zida tig‘iz vaqtda avtobusda o‘tirish uchun bo‘sh joy bo‘lsa ham odamlar quyosh sabab o‘sha bo‘sh joylarga o‘tirmaydi. Bu esa ortiqcha tiqilinchni yuzaga keltiradi. Hamma avtobuslarga konditsioner qo‘yish yoki ularni yangilarga almashtirish esa ko‘p mablag‘ va vaqt talab qiladi.

“Amaldagi Yo‘l harakati qoidalari 3-ilovasining 7.4 bandida “Barcha transport vositalarida old, yon va orqa tomondagi oynalarning yorug‘lik o‘tkazishi kamida 70 foizni tashkil etishi kerak”ligi belgilangan. Shu sababli yuqoridagilarni inobatga olgan holda, jamoat transportlari, xususan, avtobus va boshqa yo‘nalishli transport vositalari oynalarining yorug‘lik o‘tkazishini kamida 50 yoki 60 foizgacha so‘ndirishni taklif qilaman”, - deyilgan petitsiyada.