TOShKENT, 19-iyul – Sputnik. Yoshlar ittifoqi “Mamlakat ijtimoiy hayotida faol ishtirok etayotgan yosh oilalarni uy-joy bilan ta’minlashni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” hukumat qarori loyihasini tayyorladi.
Unda aytilishicha, mamlakat ijtimoiy hayotida faol ishtirok etib, alohida namuna ko‘rsatayotgan yosh oilalar uchun 3 180 ta uy-joylar qurilmoqda.
“2019 yilda 2 116 ta uy-joylar uchun:
yosh oilalarga boshlang‘ich badalining 65 foizgacha bo‘lgan qismini 7-yil muddatga O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasining 50 foizi miqdoridagi stavkada O‘zbekiston yoshlar ittifoqi mablag‘lari hisobidan ssuda tariqasida ajratiladi;
ipoteka krediti bo‘yicha birinchi besh yil nihoyasiga yetgandan keyingi butun muddat uchun hisoblanadigan foizlar O‘zbekiston yoshlar ittifoqi mablag‘lari hisobidan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasining 25 foizi miqdorida to‘lanadi”, - deyilgan hujjatda.
Shuningdek, loyihada quyidagilar bayon etilgan:
Moliya vazirligi yosh oilalar uchun qurilishi tugallangan 1 064 ta uy-joylar qiymatining dastlabki badal mablag‘lari uchun talab etilayotgan 60 mlrd.so‘m mablag‘ni 2019-yil 2-chorak yakuni bo‘yicha bojxona to‘lovlarining prognoz ko‘rsatkichlaridan ortiqcha bajarilgan qismi hisobidan;
O‘zbekiston yoshlar ittifoqining asoslangan hisob-kitobiga muvofiq 2 116 ta uy-joylar uchun yosh oilalarga boshlang‘ich badalining 65 foizgacha bo‘lgan qismini 7-yil muddatga O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasining 50 foiz miqdoridagi stavkada ssuda tariqasida ajratish uchun talab etiladigan mablag‘ni 2019-yilning 3-chorak yakuni bo‘yicha respublika budjetining prognoz ko‘rsatkichlaridan ortiqcha bajarilgan qismi hisobidan O‘zbekiston yoshlar ittifoqiga ajratish belgilangan.