TOShKENT, 18-iyul — Sputnik. Rossiya Energetika vazirligi Tver viloyati Kalinin AESida sodir bo‘lgan favqulodda vaziyatga izoh berdi. Vazirlik xabariga ko‘ra hodisaga transformatorning zarar ko‘rishi sabab bo‘lgan, RIA Novosti xabariga asosan.
“Kalinin AESida “V-91” tok o‘chirish transformatori zarar ko‘rishi oqibatida, himoya tizimi ishga tushib, 1, 2, va 4 bloklar o‘chirildi, 3- blok yuklamasi esa 1061 MVtdan 476 MVtgacha kamaytirildi”, - deyilgan vazirlik xabarida.
O‘chirilgan energobloklar jami quvvati 3,2 ming MVtni tashkil qilgan bo‘lsada, aholi bir soat ichida boshqa elektr manbaalariga ulangan va energiya ta’minoti uzilishini sezilmagan.
Ayni damda avariya-tiklash ishlari olib borilmoqda, ikki sutka ichida stansiya doimiy quvvatga chiqadi, deyilgan xabarda. Stansiyadan olingan dastlabki xabarga ko‘ra, AES o‘chirilishiga ikkita yuqori voltli elektr uzatish liniyalari transformatorida sodir bo‘lgan qisqa tutashuv sabab bo‘lgan.
Stansiya atrofida radiatsiya foni va boshqa ko‘rsatgichlar o‘zgarmagan. Ayni damda radiatsiya foni 9 mikrorentgen bu ajoyib ko‘rsatgich, - dedi stansiya yaqinida joylashgan Udomlya shahar dispetcherlik xizmati navbatchisi Yelena Semenova.
Ma’lumot uchun, Kalinin nomli AES Tver viloyati shimolida, Udomlya ko‘li qirg‘og‘ida joylashgan. Stansiya 1974 – 1984-yillarda qurilgan. Stansiya tarkibida 4ta VVER-1000 energobloklari bor. Ularning har birining quvvati 1000 MVt. O‘tgan yil natijalariga ko‘ra AES Rossiya energetika tizimiga rekord darajada elektr energiyasi yetkazib bergan.