Yangi “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseylari tashkil etildi

Mudofaa, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiyasi tarkibida quyidagi prinsipial yangi “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseylari tashkil etildi.
Sputnik

TOShKENT, 15-iyul – Sputnik. O‘smirlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari va davlat xizmati uchun kadrlar zaxirasini tayyorlash tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi prezident qarori qabul qilindi.

Barcha harbiy litseylar - "Temurbeklar maktabi"ga aylantiriladi

Qarorga muvofiq, Mudofaa, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiyasi tarkibida quyidagi prinsipial yangi “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseylari tashkil etildi:

- Farg‘ona “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyi (Mudofaa vazirligi tarkibida);

- Qibray “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyi (Davlat xavfsizlik xizmati tarkibida);

- Nukus “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyi (Ichki ishlar vazirligi tarkibida);

- Toshkent “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyi (Milliy gvardiya tarkibida);

- Shahrisabz “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyi (Favqulodda vaziyatlar vazirligi tarkibida).

Qaror bilan shuningdek, quyidagilar tasdiqlandi:

- Prinsipial yangi “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseylarini tashkil etish va ularning o‘quv-tarbiyaviy jarayonini takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi;

- “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyi to‘g‘risidagi nizom;

- Harbiy-akademik litseyning namunaviy tashkiliy-shtat tuzilmasi;

- Harbiy-akademik litseylarga biriktirilgan oliy, oliy harbiy va ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalarining ro‘yxati.

Yangi shakllantirilayotgan “Temurbeklar maktablari”ga qabul va o‘qitish 2020/2021 o‘quv yilidan boshlanadi.