Mirziyoyev O‘zbekistonga bozorbop texnikalar kerakligini aytdi

Bugungi kunda qishloq xo‘jaligida yiliga 11 mingdan ziyod texnikaga, jumladan, 4 mingta traktor, 500 ta kombayn va 5 mingdan ziyod osma-tirkama texnikaga ehtiyoj mavjud
Sputnik

TOShKENT, 13-iyul - Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev kuni kecha Toshkent qishloq xo‘jaligi texnikasi zavodida agrar soha mashinasozligini rivojlantirish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi, deb xabar qildi prezident matbuot xizmati.

O‘zbekiston qo‘shni davlatlardan tovar olib kirishni yanada chegaralamoqchi

Yig‘ilishda, joriy yil 1-oktabrdan boshlab iqtisodiyotning barcha jabhalari qatori ushbu sohada ham soliq imtiyozlari bekor qilinayotgani tarmoq korxonalaridan yanada faol ishlashni talab qilishi qayd etildi.

O‘tgan 2018-yilda fermerlarga 11,5 ming dona texnika yetkazib berilgan va 10 million dollar, joriy yilning birinchi yarmida esa 15 million dollarlik qishloq xo‘jaligi texnikasi eksport qilingan. 

Lekin bugungi kunda qishloq xo‘jaligida yiliga 11 mingdan ziyod texnikaga, jumladan, 4 mingta traktor, 500 ta kombayn va 5 mingdan ziyod osma-tirkama texnikaga ehtiyoj mavjud. Bundan tashqari, 2022-yilgacha 263 ming gektar, 2025-yilgacha yana 1 million gektardan ziyod yerlar qayta foydalanishga kiritilishi bois bu ehtiyoj yanada oshadi.

Yig‘ilishda qishloq xo‘jaligi texnikasi ishlab chiqarishni rivojlantirish, mahsulot va xizmatlar turlarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Kabina, boshqaruv tizimi, g‘ildirak, tezlik uzatgich, osma tizimlar kabi asosiy qismlar lokalizatsiya darajasini 32 %dan 56 %ga yetkazib, tannarxni 30 %gacha arzonlashtirish, shuningdek, mahalliy korxonalar o‘rtasida kooperatsiyani yo‘lga qo‘yish orqali yillik importni 20 million dollarga qisqartirish mumkinligi ko‘rsatib o‘tildi.

Qishloq xo‘jaligi texnikasini sertifikatlash tizimini takomillashtirish, tayyor mahsulotlar bilan birga xizmatlar eksportini ham kengaytirish vazifasi qo‘yildi. Zamonaviy texnikalar ishlab chiqaruvchi va ularga xizmat ko‘rsatuvchi malakali mutaxassislar tayyorlash masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi.

"Bizga raqobatbardosh texnika kerak, qo‘shimcha qiymat zarur. Tizim korxonalarida minglab odamlar ishlashi lozim. Bugun belgilangan maqsadlarni kim amalga oshiradi? Mutaxassis. Nima amalga oshiradi? Aql, bilim, mehnat amalga oshiradi", - dedi prezident.

Fermerlarni qishloq xo‘jaligi texnikasi bilan ta’minlashning barqaror moliyaviy mexanizmlarini yaratish, texnikalarga servis va ta’mirlash xizmati ko‘rsatish, ehtiyot qismlar yetkazib berishni yaxshilash bo‘yicha topshiriqlar berildi.