Sirdaryoda ag‘darilgan avtobusni Spark haydovchisi siqqan – YTH tafsilotlari

Avtobusda 20 nafar yo‘lovchi bo‘lgan, ulardan 2 nafarini voyaga yetmaganlar tashkil etgan.
Sputnik

TOShKENT, 12-iyul - Sputnik. O‘zbekiston IIV Sirdaryoda avtobus ishtirokida sodir bo‘lgan YTH tafsilotlarini ma’lum qildi.

Xabarda qayd etilishicha, 2019-yil 11-iyul kuni “Guliston karvon trans servis” MChJ haydovchisi 51 yoshli A.A. boshqaruvidagi Isuzu rusumli avtobusni Yangi Hayot MFY hududidan o‘tuvchi “Dushanbe-Toshkent” yo‘lida haydab ketayotgan vaqtida boshqaruvni eplay olmagan. Natijada yo‘l chetiga chiqib ketib, ag‘darilib ketgan.

Sirdaryoda avtobus ag‘darilib ketdi, 16 kishi jarohatlandi

Avtobusda 20 nafar yo‘lovchi bo‘lgan, ulardan 15 nafari ayol, 3 nafari erkak kishi, 2 nafarini voyaga yetmaganlar tashkil etgan.

“Haydovchi avtobusni qizil rangli Spark rusumli avtomashinasi siqib ketganligi tufayli yo‘l transport hodisasi sodir bo‘lganligini bildirgan”, - deyiladi IIV xabarida.

YTH oqibatida avtobusning ikki nafar ayol yo‘lovchilari jarohat olib kasalxonaga yotqizilganlar, shuningdek qolgan 18 nafar yo‘lovchilarga kasalxonada tibbiy yordam ko‘rsatilib, uyiga javob berilgan.

Haydovchi A.A. jarohat olmagan. Holat yuzasidan dastlabki tergovoldi harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sirdaryoda yo‘lovchilari bo‘lgan avtobus ag‘darilib ketgani xabar qilingan edi.