Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining qator xodimlari ish haqi oshirildi

2019 yil 1-avgustdan boshlab yagona tarif setkasi bo‘yicha mehnatga haq to‘lashning tasdiqlangan razradlariga ko‘ra Vazirlik boshqaruv xodimlari lavozim maoshlarini aniqlashda tarif koeffitsiyentlari bir yarim baravar miqdorida qo‘llanadi.
Sputnik

TOShKENT, 12-iyul - Sputnik. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Oliy va o‘rta maxsus ta’lim sohasida boshqaruvni isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilindi.

Vazirlik oliy, o‘rta maxsus va kasb-hunar ta’limi bo‘yicha yagona davlat siyosatini, shuningdek oliy, o‘rta maxsus va kasb-hunar ta’limi muassasalarida o‘quv-tarbiya jarayoniga tashkiliy va metodik rahbarlikni amalga oshirish yuzasidan vakolatli davlat organi etib belgilandi.

2019 yil 1-avgustdan boshlab yagona tarif setkasi bo‘yicha mehnatga haq to‘lashning tasdiqlangan razradlariga ko‘ra Vazirlik boshqaruv xodimlari lavozim maoshlarini aniqlashda tarif koeffitsiyentlari bir yarim baravar miqdorida qo‘llanadi;

Olis hududlarga borib dars berayotgan o‘qituvchilar maoshi 50%gacha oshirildi

Vazirlik markaziy apparatining:

- fan nomzodi yoki falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasiga yoki xorijiy davlatlarning unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy darajalariga ega xodimlari oylik ish haqiga – 30 foiz;

- fan doktori yoki fan doktori (DSc) ilmiy darajasiga yoki xorijiy davlatlarning unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy darajalariga ega xodimlari oylik ish haqiga – 35 foiz ustamalar belgilanadi.

Vazirlikning markaziy apparati xodimlari oylik lavozim maoshiga oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimida xizmat qilgan umumiy ish staji uchun 3-yildan 5-yilgacha – 10 foiz, 5-yildan 10-yilgacha – 20 foiz, 10-yildan 20-yilgacha – 30 foiz, 20-yildan ortiq – 40 foiz oylik ustamalar to‘lanadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda joriy yil 1-sentabrdan fan nomzodlarining oylik maoshlariga 30 foiz, fan doktorlari uchun esa 60 foizga oshirilishi haqida xabar qilingan edi.