Rossiya IIV rahbari Vladimir Kolokolsev Rossiya hududida yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun jarimalarni to‘lamagan chet el fuqarolari mamlakatga kiritilmasligini ma’lum qilgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, IIV Federal bojxona xizmati bilan birgalikda maxsus ma’lumotlar axborot bazasini tuzadi.
Rossiya Davlat dumasi deputati Yevgeniy Moskvichevning ta’kidlashicha, chet el fuqarolari tomonidan jarimalar to‘lanmasligi dolzarb muammolardan biri bo‘lib qolmoqda, chunki yagona monitoring va nazorat tizimi mavjud emas.
“Butun dunyoda xorijiy haydovchi o‘zining transport vositasida yo‘l harakati qoidalarini buzgan bo‘lsa, o‘sha davlatni jarimani to‘lamaguncha tark eta olmasligi yoki agar jarimani to‘lamasdan chiqib ketgan bo‘lsa, keyingi safar mamlakatga kiritilmasligi haqidagi amaliyot mavjud. Biz ham bojxona organlari bilan shunday tizimni joriy qilish niyatidamiz. Afsuski, hozircha shunday vaziyatning guvohi bo‘lib turibmiz: qoidani buzdi va unutib yubordi, hech kim buni nazorat qilmaydi va unga tegishli chora ko‘rmaydi”, - deydi Moskvichev.
U bu kabi tizim joriy qilinishi mazkur sohadagi muammolarni tartibga solishga va Rossiya yo‘llaridagi vaziyatni yaxshilashga yordam berishini qo‘shimcha qildi.