TOShKENT, 30-iyun – Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev yosh avlodni Yoshlar kuni bayrami bilan tabrikladi.
“Qadrli farzandlarim! Siz, aziz o‘g‘il-qizlarimni, sizlarning timsolingizda butun xalqimizni yurtimizda keng nishonlanayotgan Yoshlar kuni bilan chin qalbimdan tabriklayman”, - deyilgan xabarda.
Prezident tabrik so‘zida iliq tilaklar bilan bir qatorda, O‘zbekistonda so‘nggi yillarda yoshlar uchun amalga oshirilayotgan loyihalar haqida aytib o‘tilgan.
Prezident, xususan, bosh vazir va hokimlar raisligida Yoshlar masalalari bo‘yicha idoralararo kengashlar, Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Yoshlar masalalari bo‘yicha komissiya va “Yoshlar klubi” ish boshlaganini qayd etgan.
Shuningdek, yosh biznesmenlar uchun tashkil qilingan “Yoshlar – kelajagimiz” jamg‘armasi haqida ham aytib o‘tilgan. Xususan ushbu jamg‘arma tomonidan bugungi kunga qadar 692 milliard 400 million so‘mlik imtiyozli kreditlar ajratilib, 25 mingga yaqin yangi ish o‘rni yaratilgani, respublikamiz bo‘yicha 125 ta “Yoshlar mehnat guzari”, 19 ta “Yosh tadbirkorlar” kovorking markazi foydalanishga topshirilgani qayd etilgan.
Undan tashqari yoshlar uchun tashkil qilinayotgan “Temurbeklar maktabi”, “Prezident maktablari”, “Ijod maktablari” kabi yangi namunadagi ta’lim maskanlari zamon talablariga javob beradigan kadrlar tayyorlayotgani ham sanab o‘tilgan.
Prezident tabrigining to‘liq matni bilan quyida tanishishingiz mumkin.