Toshkent shahar hokimi anomal jaziramaga qarshi kurash bo‘yicha farmoyish qabul qildi

Hujjatda iyul oyida kuzatiladigan anomal isish davrida ehtiyotkorlik nuqtayi nazaridan muhim bo‘lgan vazifalar belgilangan
Sputnik

TOShKENT, 29-iyun - Sputnik. Toshkent shahar hokimi anomal issiq davrda xavfsizlik choralarini ko‘rish bo‘yicha farmoyish qabul qildi, deb xabar bermoqda Sputnik O‘zbekiston muxbiri.

O‘zbekistonda jazirama: harorat 45 darajagacha ko‘tarilishi kutilmoqda

Hujjatda iyul oyida kuzatiladigan anomal isish davrida ehtiyotkorlik nuqtayi nazaridan muhim bo‘lgan vazifalar belgilangan, aholi hayoti va sog‘lig‘i, davlat, jismoniy va yuridik shaxslar mulkini ishonchli saqlash va yong‘in xavfsizligini ta’minlash borasida qator chora-tadbirlar belgilangan.

Xususan, Toshkent shahar hokimligi, Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, Yong‘in xavfsizligi boshqarmasi, Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi hamkorligida mulkchilik shaklidan qat’iy nazar Toshkent shahridagi jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli bo‘lgan ishlab chiqarish, umumiy ovqatlanish va savdo shoxobchalari, bozorlar va savdo komplekslarida yong‘in xavfsizligi hamda sanitariya-epidemiologik xavfsizlik masalalariga qaratilgan sanitariya normalari, qoidalari va gigiyena normativlariga rioya qilish masalalari bo‘yicha o‘rganish olib boriladi va tushuntirish-targ‘ibot ishlari o‘tkaziladi.

Tegishli tashkilotlar tomonidan o‘rganish natijalari bo‘yicha aniqlangan kamchliklarni bartaraf etish yuzasidan ko‘rsatma va tavsiyalar tayyorlab beriladi va ijrosi ta’minlanishi nazoratga olinadi.

Shuningdek, farmoyishda yong‘inlar paydo bo‘lishiga olib keladigan sabablar va shart-sharoitlarni aniqlash, obyektlardagi yong‘in xavfsizligini ta’minlash yo‘nalishidagi xodimlarning malakasini oshirish ko‘zda tutilgan.