TOShKENT, 26-iyun - Sputnik. Toshkent shahar Bosh rejasi konsepsiyasi yaqin ikki oy ichida tayyor bo‘ladi, dedi Qurilish vaziri o‘rinbosari Shuxratxo‘ja Xashimov bugun chorshanba kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida bo‘lib o‘tgan shaharsozlik masalalariga bag‘ishlangan ochiq muloqot davomida, deb xabar berdi Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
"Ayni vaqtda turk va ingliz kompaniyalari mutaxassislari Toshkent shahar Bosh rejasi konsepsiyasi ustida ishlashmoqda. Lekin shuni yaxshi tushunishlaringizni istardimki, shaharni rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlamay turib, Bosh rejani hayotga tatbiq etish uchun qabul qilish - bu murakkab masala, shu boisdan ham bugun konsepsiya ustida ish olib borilmoqda. Ishlab chiqilgandan keyin mas’ul mutaxassislar jalb etilgan holda ko‘rib chiqiladi va shundan so‘ng tasdiqlanadi. Bir-ikki oy ichida bu konsepsiya tayyor bo‘ladi", - dedi Xashimov.
Qurilish vaziri o‘rinbosari shuningdek, respublika hududida aholini joylashtirishning Bosh sxemasi ishlab chiqilayotganini ma’lum qildi.
Jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar, shaharlar hududlarini rejalashtirish sxemalari, aholi punktlarining bosh rejalari va boshqa shaharsozlik hujjatlari ustida jiddiy ish olib borilayotgani ta’kidlandi.