Turkiyadagi fabrikada yuz bergan yong‘in oqibatida o‘zbekistonlik halok bo‘ldi

Turkiya huquqni muhofaza qilish organlari mazkur holat yuzasidan tekshiruv ishlarini boshlagan.
Sputnik

TOShKENT, 26-iyun - Sputnik. Turkiyada fabrikada yuz bergan yong‘in oqibatida o‘zbekistonlik halok bo‘ldi

Mamlakatning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi bergan ma’lumotga ko‘ra, 2019-yil 22-iyun kuni erta tongda Buyukchekmeje tumanida joylashgan fabrikada yuz bergan yong‘in oqibatida 1981-yil 15-martda tug‘ilgan O‘zbekiston fuqarosi G‘ofur To‘rayevich Tursunov halok bo‘lgan.

Turkiyadagi O‘zbekiston fuqarolariga pasportga oid muhim eslatma bilan murojaat qilindi

Ma’lum qilinishicha, Turkiya huquqni muhofaza qilish organlari mazkur holat yuzasidan tekshiruv ishlarini boshlagan.

“Bosh konsulxona vaziyatni nazoratga olgan va hozirgi vaqtda marhumning qarindoshlari bilan fuqaromiz jasadini dafn etish uchun O‘zbekistonga yuborish bilan bog‘liq konsullik-huquqiy masalalar ustida ishlar olib bormoqda”, - deyiladi TIV xabarida.

Konsullik-huquqiy departamenti Turkiya, Bolgariya, Ruminiya hududida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolariga ular zarurat tug‘ilgan holatlarda Istanbul shahridagi mamlakatimiz Bosh konsulxonasiga quyidagi telefon raqamlari orqali murojaat qilishlari mumkinligini eslatib o‘tgan: +90 212-323-20-37, +90 212-229-00-75.